“ArMI—2022”: Hakamlarga sertifikat topshirildi

0
1112

Rossiya Federatsiyasi Moskva viloyatida joylashgan “Patriot” parkida Xalqaro armiya oʻyinlarida hakamlik qiladigan delegatsiya aʼzolariga sertifikat topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

Dastlab Xalqaro armiya oʻyinlari bosh hakami general-polkovnik Aleksandr Lensov mazkur harbiy musobaqa tarixi, uning ahamiyati, yildan yilga oshib borayotgan nufuzi, qolaversa, musobaqalar davomida ishtirokchi mamlakatlar harbiy xizmatchilarining oʻz mutaxassisliklari boʻyicha ortib borayotgan harbiy salohiyatini ham alohida taʼkidlab oʻtdi.

Bir vaqtning oʻzida dunyoning 12 mamlakatida start oladigan ushbu musobaqani sifatli va adolatli oʻtkazish koʻp jihatdan bellashuv hakamlariga bogʻliq. Tadbirda ana shu jihatlar haqida ham toʻxtalib oʻtildi.

Shundan soʻng har bir ishtirokchi davlatdan tayinlangan bosh hakamlarga sertifikat, koʻkrak nishoni va hakamlik bogʻichlarini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu yilgi “ArMI—2022” musobaqasiga Oʻzbekiston Respublikasi nomidan polkovnik Rahmatulla Rahmonov bosh hakam etib tayinlangan.

Marosim soʻnggida musobaqa bosh hakami general-polkovnik A. Lensov mazkur bellashuvlar doʻstlik ruhida oʻtib, ishtirokchi davlatlar jamoalari oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirishga hissa qoʻshishiga umid bildirishini aytdi.

Leytenant Islomjon QOʻCHQOROV,

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti
Rossiya Federatsiyasi, Moskva viloyati