“ArMI—2022”: Chirchiqda “Sodiq do‘st” musobaqasi ishtirokchilari tayyorgarlikni boshladi

0
1171

Avval xabar berganimizdek, Oʻzbekiston joriy yilda “ArMI—2022” xalqaro armiya oʻyinlarining beshta musobaqasiga mezbonlik qilmoqda. Xususan, Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtida “Sodiq doʻst” musobaqasi oʻtkaziladi. Musobaqa ishtirokchilari hozirda manzilga yetib kelgan bo‘lib, tayyorgarlik jarayonlarini boshlab yuborgan.

Dastlab mehmon jamoalar poytaxtimizdagi “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyi bilan tanishdi. Bu maskanda Ikkinchi jahon urushi tarixidan maʼlumot beruvchi yuzlab nodir eksponatlar xorijiy delegatsiya vakillarida katta taassurot qoldirdi.

Dunyo armiyalarining jangovar tayyorgarligi chigʻiriqdan oʻtuvchi mazkur matonat va mahorat sinovida barcha ishtirokchi davlat jamoalari yil davomida jiddiy tayyorgarlik koʻrgan. Ayni kunlarda “Sodiq doʻst” musobaqasida qatnashuvchi jamoalar Chirchiqda nufuzli bellashuv shartlariga qizgʻin tayyorgarlik jarayoniga kirishib ketdi.

Harbiy xizmatchilarning xizmat itlari bilan birgalikda mahoratini sinovdan oʻtkazadigan mazkur yoʻnalish musobaqasi oʻzining bir qator murakkabliklari bilan alohida ajralib turadi. Irodaning mustahkamligi, kuchli sabr-bardosh va oʻziga boʻlgan ishonch musobaqada katta ahamiyat kasb etadi.

Hozirda jamoalar musobaqa boʻlib oʻtadigan hududda dastlabki tayyorgarlik mashgʻulotlarini olib bormoqda. Ular bellashuv oʻtkaziladigan oʻquv nuqtalari bilan yana bir bor tanishib chiqib, musobaqa shartlari va ketma-ketligi boʻyicha ish olib bormoqda.

Leytenant Dilshod ROʻZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti