Koʻrgazmali qoʻl jangi musobaqasi

0
1686

Nukus va Urganch garnizonlaridagi harbiy qismlar vakillari jangovar ruh, jamoaviy jipslik, akrobatik usullar, oʻtochar va sovuq qurollardan mohirlik bilan foydalanishni koʻrgazmali qoʻl jangi musobaqasida namoyish etishdi.

Harbiy xizmatchilarning jismoniy imkoniyatlarini yuksaltirish, armiya qoʻl jangi va pichoq bilan jang qilish sanʼatini rivojlantirish, sportga keng jalb etish hamda sogʻlom turmush tarziga odat qilish maqsadida Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida qoʻl jangi koʻrgazmali musobaqa oʻtkazib kelinadi.

Nukus garnizonidagi harbiy qism bazasida boʻlib oʻtgan musobaqaning Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug bosqichi jangovar shouga aylanib, kuchli raqobat, shiddat va matonat bilan kechdi.

Uch bosqichda oʻtkaziladigan ushbu musobaqa harbiy jamoalarning jipsligini taʼminlab, hamjihatlikda harakat qilish, jamoalarda jangovar ruhni yuksaltirish, qurol bilan murakkab qoʻl jangi elementlarini namoyish etish hamda bu sportni ommalashtirish kabi maqsadlarni oʻz ichiga oladi.

Maydonda birin-ketin musobaqalashgan oʻnga yaqin jamoalar jamoaviy jipslikni, kuch, shijoat va mahoratni koʻrgazmali tarzda namoyish eta oldi. Ayniqsa, akrobatik usullarda namoyish etilgan koʻrgazmalar, pichoq jangi va qurol bilan murakkab elementlar, dadil harakatlar hech kimni beeʼtibor qoldirmadi. Ayniqsa, bellashuvda yaqindagina saflarni toʻldirgan muddatli harbiy xizmatchilarning koʻrgazmali chiqishlari hayʼat aʼzolari va kuzatuvchilarda taassurotlar qoldirdi.

Jamoalarning mashqlarni bajarishda sinxron tarzda, tez, aniq va toʻxtovlarsiz bajarganiga qarab ularga qoʻyilgan ballar yuqorilab bordi.

Yakuniy natijalar boʻyicha Urganch garnizonidagi harbiy qism vakillari birinchi oʻrinni, Nukus garnizonidagi harbiy qismning ikkita jamoasi ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni qoʻlga kiritdi. Faxrli oʻrinlarga sazovor boʻlgan jamoalar kubok, faxriy yorliq va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi. Bellashuvda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan jamoa endilikda Mudofaa vazirligi miqyosida boʻlib oʻtadigan musobaqaning final bosqichida harbiy okrug sharafini himoya qilish uchun yoʻl oladi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati