“Hamdoʻstlik—2022”: doʻstona sport musobaqalari, milliy taomlar oshxonasi va Termiz shahriga sayohat

0
1275

Avval xabar berganimizdek, shu kunlarda Termiz shahrida Oʻzbekiston va Tojikiston Respublikalari harbiy xizmatchilar ishtirokidagi “Hamdoʻstlik—2022”birgalikdagi oʻquvi boʻlib oʻtmoqda.

Ikki davlat harbiylari 10-avgust kuniga belgilangan yakuniy qismiga qizgʻin tayyorgarlik koʻrish bilan birga, doʻstona sport musobaqalari, milliy taomlar oshxonasi va Termiz shahriga sayohat kabi turli koʻngilochar tadbirlardan ham bahramand boʻlishdi. Dastlab harbiy qism futbol maydonlarida futbol va mini-futbol musobaqalari tashkillashtirildi. Katta futbol bellashuvida 3:0 hisobi qayd etilib, unda oʻzbekistonlik harbiylarning qoʻli baland keldi. Mini-futbol bahsida esa ikki jamoaning hujumkor oʻyiniga qaramay, uchrashuv 8:8 hisobidagi durang bilan yakunlandi. Mini-futbol musobaqasida Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugi qoʻmondoni general-mayor Zaynobiddin Iminov va Tojikiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshligʻi oʻrinbosari, general-mayor Egamzod Sharof Xudoyberdi sardorligidagi ofitserlar jamoalari oʻrtasidagi soʻnggi uchrashuv ham 5:3 hisobida mezbonlarning gʻalabasi bilan tugadi.

Shanba va yakshanba kunlaridan oʻrin olgan milliy taomlar tayyorlash va Termiz shahriga sayohat dasturlarida oʻzbek va tojik xalqlarining doʻstona munosabatlari yanada yaqqol namoyon boʻldi. Milliy taomlar oshxonasida birgalikdagi oʻquvga mezbonlik qilayotgan yigitlarimiz taom tayyorlash borasidagi oʻz mahoratlarini koʻrsatishdi. Mehmonlar jamoasi nomidan qatnashgan harbiylar esa tadbir ishtirokchilari dasturxoniga tojikcha osh hamda qurtob taomlarini tortiq etishdi.

Tojikistonlik mehmonlar uchun Termiz shahri boʻylab tashkillashtirilgan sayohat davomida birgalikdagi oʻquv qatnashchilari Muhammad Hakim Termiziy hamda Sulton Saodat ziyoratgohlari bilan yaqindan tanishtirildi. Ziyorat chogʻida mahalliy aholi mehmonlarni doʻstona qarshi olgan holda esdalik uchun suratga tushdilar. Surxondaryo viloyati arxealogiya muzeyiga tashrifi davomida tojik harbiylari yurtimizning uzoq oʻtmishini aks ettiruvchi noyob eksponatlar katta qiziqish bilan tomosha qilishdi.

Birgalikdagi oʻquv qatnashchilari yuqorida sanab oʻtilgan madaniy-maʼrifiy, sport musobaqalari va milliy taomlar tayyorlash tadbirlaridan tashqari har kuni konsert tomoshalaridan ham  bahramand boʻlmoqda. Bu kabi tadbirlargan ruhlangan harbiy xizmatchilar “Hamdoʻstlik—2022” birgalikdagi oʻquvining yakuniy qismiga qizgʻin tayyorgarlik koʻrmoqda.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axorot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti