Texnik taʼminot sarhisobi

0
1190

Qurolli Kuchlarimizda zarur boʻlgan barcha shart-sharoitlar yaratilgan boʻlib, ushbu imkoniyatlardan toʻgʻri, tezkor va oqilona foydalanish boʻyicha amaliy oʻquv-uslubiy mashgʻulotlar oʻtkazilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Toshkent shahridagi Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismlarning birida o‘tkazildi.

Tadbir avvalida texnik taʼminot yoʻnalishida qurol-yarogʻ hamda jangovar, yengil va maxsus texnikalar koʻrgazmasi tashkil etilib, maʼlumotlar tinglandi. Avtosaroylar hamda texnik xizmat koʻrsatish maskanlari qaytadan tamirlangani va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilgani to‘g‘risida taqdimotlar qilindi.

Shuningdek, mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish boʻyicha oʻrinbosari harbiy qismda yaratilgan shart-sharoitlar toʻgʻrisida ijobiy va tahliliy, shu bilan bir qatorda tanqidiy fikrlarni bildirib oʻtdi. Xizmat faoliyati davomida foydalanish uchun zarur boʻlgan maxsus texnikalar harbiy qismlarga tantanali ravishda topshirildi.

Mazkur sarhisob davomida Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondoni soʻzga chiqib, qoʻshinlar miqyosida olti oy davomida texnik taʼminot yoʻnalishida amalga oshirilgan ishlar va muammoli masalalar yuzasidan oʻz mulohazalarini bildirdi. Hisobot yakunida kelgusida bajarilishi lozim boʻlgan maqsad va vazifalar belgilab olindi.

Ta’kidlash kerakki, bu kabi oʻquv-uslubiy mashgʻulotlarning tashkil etilishi harbiy xizmatchilarda oʻziga boʻlgan ishonchni oshiradi va qoʻyilgan vazifalarni toʻlaqonli bajarishda koʻnikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti