Forishda xalqaro musobaqa ishtirokchilari qizgʻin qarshilandi

0
1482

VIII xalqaro armiya oʻyinlari boshlanayotgani shov-shuvi allaqachon nafaqat yurtimizda, balki jahon ayvonida ham tarqala boshladi.

Ochigʻini aytish kerak ushbu musobaqaga yurtdoshlarimiz ham ancha koʻnikib, oʻrganib qoldi. Yoʻl-yoʻlakay odamlarning oʻtgan yili qancha va qaysi davlatlar qatnashgani, unda bizning harbiy xizmatchilar nechanchi oʻrinlarni zabt etgani haqidagi tahlillarini eshitib, gʻururlanmaslikning iloji yoʻq. Bunda faqat natijalar quvontirmaydi sizni, armiyada erishilayotgan yutuqlar odamlarning eʼtiborida, nazarida ekani ham sevintiradi.

Yurtimizga “ArMI-2022” xalqaro armiya o‘yinlarida ishtirok etish uchun kelayotgan ishtirokchilar quchoq ochib, goʻyo, necha yillik qadrdonlardek qarshi olinmoqda. Aslida ham ular davomli musobaqalar mobaynida yaqin kishidek qadrli boʻlib qolgani rost. Shu kungacha Markaziy harbiy okrugida joylashgan Forish poligoniga Rossiya Federatsiyasi, Vyetnam, Belarus, Tojikiston kabi davlatlarning vakillari kelib joylashishdi.

Bir oz muddat ob-havoga, tabiatga moslashib, koʻnikib olgan musobaqa ishtirokchilari oʻzlariga biriktirilgan harbiy texnikalarni qabul qilib, qizgʻin tayyorgarlikni boshlab yuborishdi.

Taʼkidlash kerakki, ushbu manzilda joriy yilda Xalqaro armiya oʻyinlarining “Qurolsoz usta” hamda “Dala oshxonasi” musobaqalari oʻtkazilmoqda.

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti