Mudofaa vazirligi sportchilari xalqaro maydonlarda yuksak marralarni zabt etmoqda

0
791

“Konya-2021”: Aleksey Fomovskiydan bronza!

Shu kunlarda Turkiya davlatining Konya shahrida V Islom birdamlik oʻyinlari boʻlib oʻtmoqda. 55 mamlakat ishtirok etayotgan Islom birdamligi oʻyinlarida Oʻzbekiston delegatsiyasi 265 nafar sportchi bilan ishtirok etishmoqda.

Delegatsiyamizning “Konya-2021” Islom birdamligi oʻyinlaridagi medallari yana bittaga koʻpaydi. Trekning yakkalik taʼqib poygasi dasturida erkaklar oʻrtasida bronza medali uchun kechgan poygada hamyurtimiz, Mudofaa vazirligi Sport markazi sportchisi Qurolli Kuchlar xizmatchisi Aleksey Fomovskiy eronlik raqibidan ustun kelib bronza medaliga sazovor boʻldi.

Bektemir Meliqoʻziyev yana muddatidan avval gʻalaba qozondi!

Bosniyalik bokschiga qarshi jangning 3-raundida referi texnik nokaut qayd etdi.
Professional boksning super oʻrta (-76,2 kg) vazn toifasida ringga chiquvchi oʻzbekistonlik bokschi Mudofaa vazirligi Sport markazi sportchisi katta leytenant Bektemir Meliqoʻziyev (10-1, 8 KO) Toshkent vaqti bilan 7-avgust tongida AQSHda oʻzining navbatdagi jangini oʻtkazdi.

Texas shtatida boʻlib oʻtgan jangda oʻzbekistonlik bokschiga bosniyalik Sladan Yanyanin (32-12, 24 KO) raqiblik qildi. Oʻn raundga moʻljallangan jangning dastlabki raundida Bektemir Meliqoʻziyev tana qismiga berilgan kuchli zarbasi bilan raqibini nokdaun holatiga tushirdi. 

Safina Sadullayeva oʻzbek yengil atletikachilarining “Brilliant liga”dagi ilk gʻalabasiga mualliflik qildi

Yengil atletikaning balandlikka sakrash yoʻnalishi boʻyicha jahonning eng kuchli sportchilaridan biri boʻlgan hamyurtimiz, Mudofaa vazirligi Sport markazi sportchisi Qurolli Kuchlar xizmatchisi Safina Sadullayeva yana bir muhim gʻalabani qoʻlga kiritdi.

Yurtdoshimiz bugun Polshada oʻtkazilgan “Brilliant liga” musobaqasida oltin medalga chiqib, ushbu sportda jahon chempionatidan keyingi nufuzli oʻrinda turuvchi musobaqada gʻalaba qozongan birinchi oʻzbekistonlik atletga aylandi.

Mudofaa vazirligi sportchimizni navbatdagi yorqin gʻalabasi bilan tabriklab kelajakdagi faoliyatida omad tilab qoladi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti