Ona tilim – faxru iftixorim!

0
4694

Ona tili – millatning ruhi. Til — davlat timsoli, mulki. Tilni asrash, rivojlantirish – millatning yuksalishi demak. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan.

Xususan, bundan 32 yil muqaddam o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi. Bu mamlakatimiz va yurtdoshlarimiz hayotidagi unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi.

Bugungi kunda aynan ushbu sana munosabati bilan keng qamrovli ma’naviy va ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilib, o‘zbek tilining tarixiga nazar solinib va unga erishguncha ajdodlarimizning kechgan zahmati yodga olinadi.

Aynan shunday tadbirlardan biri Markaziy harbiy okrugning Jizzax garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazining tashabbusi bilan Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi viloyat mintaqaviy bo‘limi vakillari bilan hamkorlikda “Umid” ixtisoslashtirilgan maktabida o‘tkazildi.

Unda o‘quvchi yoshlar bilan «Til-millat ruhi», «O‘zbek tilim – davlat tilim», «Qadring baland bo‘lsin, ona tilim», «O‘zbek tili – 32 yoshing muborak» shiorlari ostida o‘zbek tilini rivojlantirish, uning mavqei va nufuzini oshirishga qaratilgan ijodiy tanlovlar, o‘quvchilarning o‘zbek tili bo‘yicha savodxonligi darajasini aniqlashga qaratilgan qiziqarli viktorina-o‘yinlar o‘tkazildi. Harbiy orkestr jamoasi tomonidan go‘zal kuy-qo‘shiqlar ijro etilib, o‘quvchi yoshlarga ko‘tarinkilik ulashildi.

Ta’lim muassasalarida tashkil etilayotgan bunday tadbirlarda ona tiliga mehr-muhabbat, Vatanga sadoqat, millatlararo bag‘rikenglik kabi yuksak tuyg‘ularni singdirishga alohida e’tibor qaratilibgina qolmasdan, o‘quvchilarga o‘zbek tilining tarixi va buguni haqida ko‘plab qiziqarli hamda qimmatli ma’lumotlar berilmoqda.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati