“ArMI-2022”: “Xavfsiz muhit” musobaqasida ishtirok etuvchi barcha jamoalar “Sazagan” dala-oʻquv maydoniga yetib keldi

0
1464

“ArMI-2022” Xalqaro armiya oʻyinlarining “Xavfsiz muhit” yoʻnalishidagi musobaqalarda ishtirok etuvchi barcha jamoalar Markaziy harbiy okrugning “Sazagan” dala-oʻquv maydonida yetib kelishdi. Bugun, 6-avgust kuni ushbu musobaqada ishtirok etuvchi oxirgi davlatlar — Rossiya va Belarus jamoalari Xonobod aerodromida kutib olinib, dala oʻquv maydoniga joylashtirildi.

Dala-oʻquv maydonida mehmonlar tantanali ravishda oʻzbekona urf-odatlarga koʻra kutib olindi hamda saf maydonida davlatlarning davlat madhiyasi yangradi va bayroqlar koʻtarildi.

Shuningdek, “ArMI-2021” doirasidagi musobaqada gʻolib boʻlgan Xitoy jamoasi tomonidan tashkilotchi boʻlgan Oʻzbekiston tomoniga “Xavfsiz muhit” musobaqasining koʻchma kubogi topshirildi.

Endilikda ushbu musobaqada Oʻzbekiston, Rossiya, Belarus, Eron, Xitoy va Vyetnam davlatlarning harbiy jamoalari oʻzaro bellashishadi.

Taʼkidlash kerakki, musobaqa oʻtkaziladigan “Sazagan” dala oʻquv maydonida Xalqaro armiya oʻyinlari uchun munosib tayyorgarlik koʻrilgan. Yaʼni ishtirokchilar uchun zamonaviy va qulay sharoitlar yaratilgan. Jumladan, zamonaviy yotoqxona, oshxona, sport shaharchalari, sifatli aloqa tizimi, valyuta ayirboshlash shoxobchasi, savdo nuqtalari hamda matbuot markazlari tashkil etilgan.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati