“ArMI—2022”: Jamoalarimiz Rossiya, Belarus, Moʻgʻuliston va Jazoirda tayyorgarlik mashgʻulotlarini boshladi

0
1385

Dunyo armiyalarining jangovar tayyorgarligi chigʻiriqdan oʻtuvchi, chinakam matonat va mahorat sinovi boʻlgan Xalqaro armiya oʻyinlari boshlanish arafasida. Albatta, mazkur nufuzli musobaqaga barcha ishtirokchi davlat jamoalari yil davomida jiddiy tayyorgarlik koʻrgan.

Xususan, Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilaridan iborat jamoalarimiz ham bu yilgi “ArMI–2022” bahslarida munosib ishtirok etish uchun malakali mutaxassislar tomonidan tayyorlandi. Harbiylarimiz oʻtgan yilgi yutuqlardan ham yuksakroq natijalarni qayd etib, xalqaro maydonda yurt bayrogʻini baland koʻtarishni qatʼiy maqsad qilgan. Hozirda yoʻnalishlar boʻyicha ishtirok etadigan jamoalarimiz birin-ketin musobaqa boʻlib oʻtadigan hududlarga yetib borib, joylashmoqda.

Xalqaro armiya oʻyinlarining “Elbrus halqasi” musobaqasi bu yil ham Rossiya Federatsiyasi Kobardino-Balkariya Respublikasining Terskol shahrida boʻlib oʻtadi. Harbiy xizmatchilarning togʻ tayyorgarligi boʻyicha mahoratini sinovdan oʻtkazadigan mazkur yoʻnalish musobaqasi oʻzining bir qator murakkabliklari bilan alohida ajralib turadi. Xavfli va ekstremal vaziyatlarda toʻgʻri qaror qabul qilish, irodaning mustahkamligi, kuchli sabr-bardosh va oʻziga boʻlgan ishonch musobaqada katta ahamiyat kasb etadi. Hozirda jamoamiz musobaqa boʻlib oʻtadigan hududda dastlabki tayyorgarlik mashgʻulotlarini olib bormoqda. Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtish kerakki, oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilar oʻtgan yili “Elbrus halqasi” musobaqasida mezbon davlatdan keyin faxrli 2-oʻrinni qoʻlga kiritgan edi.

“Otliq marafon” yoʻnalishida ishtirok etadigan jamoamiz ham musobaqa boʻlib oʻtadigan hudud – Moʻgʻulistonning Ulan-Bator shahriga yetib bordi. Yigitlarimiz hozirda bellashuv oʻtkaziladigan oʻquv nuqtalari bilan yana bir bor tanishib chiqib, tayyorgarlik mashgʻulotlarini oʻtkazishmoqda. 2021-yilgi bahslarda harbiylarimiz faxrli 2-oʻrinni band etishgan edi.

Belarus Respublikasida boʻlib oʻtadigan “Ishonchli qabul” musobaqasida ishtirok etish uchun yetib borgan vakillarimiz ham dastlabki tayyorgarlik jarayonlariga kirishib ketdi. Ular hozirda oʻrmon sharoitida bajariladigan vazifalar ketma-ketligi boʻyicha ish olib bormoqda.

“Desant vzvodi” yoʻnalishida yurtimiz sharafini himoya qiladigan yigitlarimiz esa Jazoir Xalq Demokratik Respublikasiga yetib borib, oʻquv nuqtalari bilan tanishib chiqmoqda, musobaqa oldidan oʻtkaziladigan tayyorgarlik mashgʻulotlarini olib borayotir. Qolgan jamoalarimiz ham reja boʻyicha musobaqalar boʻlib oʻtadigan hududlarga yetib bormoqda.

Leytenant Islomjon QOʻCHQOROV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti