“Vatanparvarlik tarbiyasi uchun barchamiz birdek mas’ulmiz”

0
1723

Yurt o‘g‘lonlari boshlang‘ich harbiy ta’limni umumta’lim maktablarida oladi. Bunda chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fanining alohida o‘rni bor. «Vatanparvar» gazetasi muxbiri xalq ta’limi sohasida yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida xalq ta’limi vaziri Baxtiyor SAIDOV bilan suhbatlashdi.

– Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev maktab ta’limini rivojlantirish davlat dasturi millatni uyg‘otadigan, uning dardiga malham bo‘ladigan, har bir insonda Vatan taqdiriga daxldorlik hissini tarbiya­laydigan umummilliy dastur bo‘lishi kerakligini bir necha bor ta’kid­lagani bejiz emas. Dunyoda kechayotgan globallashuv jarayoni ham ta’lim sohasini rivojlantirish borasida yangi vazifalar yuklamoqda. Shunday vazifalardan biri yosh avlodni vatanparvarlik, bag‘rikenglik ruhida tarbiya­lash, ularni yurtiga sadoqatli, milliy urf-odat, qad­riyatlarni e’zozlaydigan barkamol shaxs qilib tarbiyalashdan iborat.

2019-yil 28-dekabrda Xalq ta’limi, Moliya, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirlik­lari bilan kelishilgan holda, xalq ta’limi tizimidagi umumta’lim muassasalari boshqaruv, texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va o‘quv-yordamchi xodimlarining namunaviy shtatlar jadvaliga «Direktorning yoshlarni vatanparvarlik ruhida tayyorlash bo‘yicha o‘rinbosari – Harbiy chaqiruvgacha tayyorgarlik rahbari» lavozimi kiritilgan. Ushbu lavozim majburiyatlarida haftalik 10 soatgacha mazkur fan bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish belgilangan.

Prezidentimizning 2020-yil 6-noyabrdagi qaroriga muvofiq, 2021-yil 1-apreldan boshlab chaqiruvgacha tayyorgarlik rahbarining ish haqi miqdori umumta’lim maktabining oliy ma’lumotli o‘qituvchisi bazaviy tarif stavkasiga tenglashtirildi. Xalq ta’limi vazirligining 2021-yil 29-yanvardagi buyrug‘iga asosan, ushbu fan o‘qituvchilari amaldagi tartibga muvofiq, 5 yilda bir marotaba fan bo‘yicha malakasini oshiradi. Xususan, joriy yilning avgust oyiga qadar 817 nafar o‘qituvchining malakasi oshirildi.

– Albatta, umumta’lim maktablarida chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik (CHQBT) fani o‘qituvchilarining alohida o‘rni bor. Ayting-chi, hozirgi kunda xalq ta’limi tizimida ushbu lavozimdagi o‘qituvchilar qanday talablar asosida faoliyat yuritmoqda?

– Xalq ta’limi vazirligining 2019-yil 7-dekabrdagi «Xalq ta’limi xodimlari asosiy lavozimlarining malaka tavsiflari to‘g‘risida»gi 393-sonli buyrug‘i qabul qilingan. Mazkur buyruqning 2-bob 4-qismida umumiy o‘rta ta’lim maktabi (maktab-internat) o‘qituvchisi lavozimining malaka tavsiflari belgilangan. Bundan tashqari, Xalq ta’limi vazirligining 2021-yil 1-iyuldagi «Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari xodimlarining lavozim majburiyatlarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 206-sonli buyrug‘ida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorining yoshlarni vatanparvarlik ruhida tayyorlash bo‘yicha o‘rinbosari – Harbiy chaqiruvgacha tayyorlash rahbarlarining namunaviy lavozim majburiyatlari tasdiqlangan.

Prezidentimizning 2022-yil 11-maydagi farmoniga asosan tasdiqlangan «2022–2026-yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dastur»da ham yoshlarni chaqiruvga qadar bosh­lang‘ich tayyorlash ishlarini takomillashtirish masalasiga alohida urg‘u berilgan. CHQBT rahbarlari tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limining tavsiyasi asosida xalq ta’limi bo‘limi mudiri tomonidan lavozimga tayinlanadi.

– Chaqiruvga qadar bosh­lang‘ich tayyorgarlik sinfining zarur jihozlar bilan ta’minlangani muhim o‘rin tutadi. Bugungi kunda mavjud maktablarning nechtasida mazkur fan mashg‘ulotlarini o‘tish uchun alohida sinf ajratilgan?

– Bugungi kunda respublikamizdagi 10 130 ta maktabdan 9 898 tasida chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qitilib, ularda 9 726 nafar pedagog faoliyat olib bormoqda. O‘qituvchilarning 3 442 nafari (35,3 foiz) oliy ta’lim muassasalarini shu mutaxassislik bo‘yicha tamomlagan zaxiradagi ofitserlar, 3 346 nafari (34,5 foiz) Qurolli Kuchlar safidan nafaqaga chiqqan harbiy pensionerlar, 2 983 nafari (30,2 foiz) esa nomutaxassis pedagoglar hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklarining 2019-yil 19-yanvardagi qo‘shma qarorining 3-ilovasi bilan tasdiqlangan konsepsiyaga asosan jihozlanmoqda hamda shu kunga qadar 9 898 ta maktabning 7 972 tasi zarur jihozlar bilan to‘liq ta’minlangan.

Yurtimizdagi 10-11-sinflari mavjud bo‘lgan 9 520 ta maktabning o‘quv-moddiy bazasini butlash va amaliyotda foydalanishi uchun 12 nomdagi o‘quv quroli va vositalari tarqatildi.


9 520 ta maktabga 600 dona o‘quv avtomati, 1 940 dona o‘quv patroni, 376 dona o‘quv qo‘l granatasi, 150 dona tankka qarshi granata, 940 dona Andrianov kompasi, 10 000 dona gaz niqob (protivogaz), 7 000 dona sanitariya zambili, 28 560 dona individual bog‘lam paketi, 9 514 dona toza katta tibbiy bog‘lam, 188 dona otish tayyorgarligi bo‘yicha elektron o‘quv adabiyoti tarqatildi.


2022-yil 1-choragida 164 ta maktabda vatanparvarlik sinf­lari, 14 ta maktabda chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik sinfi, 13 ta maktabda to‘siqlar yo‘lagi, 17 ta maktabda sport maydonchasi yangidan barpo etildi. Mazkur sinf­larda boshlang‘ich harbiy ta’lim berish bilan bir qatorda, o‘quvchilarning ongiga Vatan himoyasi sharafli va muqaddas burch ekanligi hamda yurtimiz mustaqilligi, ravnaqi yo‘lida fidokorona kurashgan milliy qahramonlarimiz bilan faxrlanish, ularga munosib bo‘lish tuyg‘ulari hayotiy va ta’sirchan misollar orqali chuqur singdirib borilishiga alohida e’tibor qaratilyapti.

Prezidentimizning 2022-yil 3-fevraldagi «Xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoyishi asosida tasdiqlangan rejada maktab o‘quvchilarini vatanparvarlik ruhida tarbiya­lash vazifasi belgilangan. Shundan kelib chiqib, Xalq ta’limi vazir­ligi tomonidan har bir tuman (shahar)dan ikkitadan umumta’lim maktabining ro‘yxati shakllantirilib, 410 ta maktab Mudofaa vazirligiga biriktirildi. Ushbu maktablarda aniq dasturlar asosida vatanparvarlik tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.

Mudofaa vazirligiga biriktirilgan umumta’lim maktablarining 120 tasida «Amir Temur» va «Jaloliddin Manguberdi» tematik sinflari tashkil etildi. Mudofaa vazirligi tizimida namunali xizmat o‘tayotgan va davlat mukofotlari bilan taqdirlangan harbiy xizmatchilar faoliyatiga bag‘ishlab, ular tahsil olgan 500 dan ortiq maktabda «Maktabimiz faxri» nomli targ‘ibot burchaklari barpo etildi. Bu yo‘nalishdagi ishlar kelgusi yilda ham izchil davom ettiriladi.

– Prezidentimizning 2022-yil 28-yanvardagi farmoniga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida darsliklarni yangilash dasturini amalga oshirish uchun davlat byudjetidan 605 milliard so‘m ajratilishi qayd etilgan. Ayting-chi, umumta’lim maktablarining CHQBT darslik­lari qachon yangilanadi? Mazkur fan darsliklari mazmuniga milliy o‘quv das­turi asosida qanday zamonaviy yondashuv va yangi metodikalar kiritiladi?

– Prezidentimizning 2020-yil 6-noyabrdagi «Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosiga muvofiq, ta’lim tizimida chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani uzviyligini ta’min­lagan holda milliy o‘quv dasturi majmuasini tayyorlashning maqsad va vazifalari belgilandi.

Xalq ta’limi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari hamkorligida 20 nafar mutaxassis va olimlardan iborat chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani bo‘­yicha ekspert guruhi tashkil etildi. Ular ko‘magida mazkur fanni o‘qitish konsepsiyasi hamda o‘quv dasturi loyihasi tayyorlandi. Shuningdek, 10-11-sinflarning chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani bo‘yicha milliy o‘quv dasturi Respublika ta’lim markazining rtm.uz rasmiy saytiga va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi portaliga (www.uzviylik.tdi.uz) joylashtirildi.

10-11-sinflarning ushbu fan bo‘yicha milliy o‘quv dasturi kelib tushgan 100 ga yaqin fikr-mulohazani inobatga olgan holda, Mudofaa vazirligining ekspert guruhlari tomonidan ko‘rib chiqilib, tegish­li takliflar shakllantirildi. Mazkur takliflar asosida mavjud o‘quv dasturlari qiyosiy jadvallar asosida tahlil qilindi. Birlamchi tahlillarga ko‘ra, takrorlangan mavzular 68 ta, uzviyligi ta’minlanmagan mavzular 13 ta, nazariy mashg‘ulot turidan amaliy mashg‘ulot turiga o‘tkazilishi taklif etilgan mavzular soni 7 ta, qisqartirish taklif etilgan mavzular soni 8 ta, yangi kiritish yoki takomillashtirishga taklif etilgan mavzular soni 6 ta ekani aniqlandi va dasturlar qayta takomillashtirilib, tuzatildi.

To‘g‘rilangan o‘quv dasturlari ikkinchi marta ta’lim inspeksiyasi saytidagi (www.uzviylik.tdi.uz) muhokama portaliga joylashtirildi va ularga 150 dan ortiq taklif bildirildi.

Keyingi bosqichda «Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik» fani konsepsiyasi va 4 ta o‘quv dasturi (umumiy o‘rta ta’lim, akademik litsey, kasb-hunar hamda oliy ta’lim muassasalari uchun) Mudofaa vazirligi, Buxoro davlat universiteti, Buxoro davlat tibbiyot instituti va Farg‘ona davlat universitetiga ekspertiza uchun berildi. Ushbu muassasalarning tajribali mutaxassislaridan bir oy davomida xulosalar olindi. So‘ng konsepsiya va o‘quv dasturlarini tuzgan ishchi guruh a’zolari va mas’ullar tomonidan yana tahrirlandi, tegishli o‘zgartirishlar kiritildi va yaxlit holatga keltirildi.

Mazkur majmua chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani bo’yicha uzluksiz ta’lim tizimining yagona konsepsiyasi, umumiy o‘rta ta’limning 10-11-sinflari uchun o‘quv dasturi, akademik litsey uchun ikki yillik o‘quv dasturi, boshlang‘ich professional ta’lim, ya’ni kasb-hunar maktablari uchun ikki yillik o‘quv dasturi va oliy pedagogik ta’limning o‘quv dasturlaridan tarkib topgan «Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik bo‘yicha O‘zbekiston Res­publikasi uzluksiz ta’limining milliy o‘quv dasturi» loyihasi hisoblanadi.

Umumiy o‘rta ta’limning chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘quv dasturiga oliy ta’lim bo‘yicha pedagogika yo‘nalishidagi o‘quv dasturi mos ravishda tanlandi va uzviyligi ustida ishlandi. Bunday tajriba, ya’ni ta’lim tizimining barcha bosqichlari uchun o‘quv das­turlarining bir majmua tarkibiga kiritilishi va ularni umumlashtiruvchi yagona konsepsiya orqali mustahkamlanishi birinchi marotaba amalga oshirildi.

Bundan tashqari, 2022/2023-o‘quv yilida milliy o‘quv dasturi asosida chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani dars­liklari, o‘quv-metodik qo‘llanmalari, elektron o‘quv majmua­larini ishlab chiqish, fanni o‘qitish uchun mavzular kesimida zamonaviy pedagogik texnologiya­larning elektron bazasi (o‘quv konspektlari, slaydlar, ko‘rgazmali plakatlar to‘plami, multimedia taqdimotlari)ni yaratish rejalashtirilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, yangi o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-sinflari uchun CHQBT fanidan 7 nomda qariyb 650 000 nusxada, 2023/2024-o‘quv yilida esa 11-sinflar uchun hududiy boshqarmalar tomonidan olingan buyurtmalar asosida 7 nomda qariyb 650 000 nusxada darslik hamda o‘quv-metodik qo‘llanmalar nashrga tayyorlanishi va chop etilishi rejalashtirilgan.

– Maktablarda qat’iy tartibni saqlash, o‘quvchilarni metin intizomga o‘rgatishda erkak o‘qituvchilarning alohida o‘rni bor. Hozirgi kunda umumta’lim maktablarida erkak o‘qituvchilarning ulushi qancha?

– Respublikamizdagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan erkak o‘qituvchilar sonining o‘sishini tahlil qiladigan bo‘lsak, 2021/2022-o‘quv yilida 502 687 nafar pedagogdan 158 720 nafari (31,6 foiz)ni erkak o‘qituvchilar tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 25 513 nafarga ortgan bo‘lib, unda CHQBT o‘qituvchilarining salmog‘i alohida.

– Xalq ta’limi vazirligi tomonidan 2021/2022-o‘quv yili yakunida umumta’lim maktablarining bitiruvchilari o‘rtasida qaysi kasb (soha) yoki hunarni tanlashi yuzasidan so‘rovnoma o‘tkazildi. Unga jami bitiruvchilarning qanchasi qamrab olindi? Respondentlar javobining umumiy ko‘rsatkichida harbiy sohaga qiziqish salmoqli o‘rin egallaganmi?

– Bitiruvchi o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan ushbu so‘rovnomada 378,8 ming nafar (97,7 foiz) 11-sinf o‘quvchisi qatnashdi. Ularning 306,3 ming nafari oliy ta’lim muassasasi, 18,6 ming nafari texnikum va kollejlarda o‘qishni davom ettirish, 10,4 ming nafari harbiy xizmatga borish istagida ekanini bildirgan. Albatta, harbiy xizmatga borish istagi bitiruvchi sinf o‘g‘il bolalariga tegishli ekanini inobatga olsak, qayd etilgan raqamlardan yigitlarning harbiy sohaga qiziqishi yuqori ekanini anglash qiyin emas.

– 2020-yili Shanxay hamkorlik tashkiloti Mudofaa vazirlari kengashi qarori bilan «Harbiy sohada do‘stlik va hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun» kengash belgisi bilan taqdirlanganingiz bejiz emas. Sizningcha, maktabda yosh avlod qalbi va ongiga harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi qanday singdirilishi kerak? Bu jarayonda barcha pedagoglar, xususan, CHQBT o‘qituvchilarining harakati, mehnatini 5 ballik mezon asosida qanday baholaysiz?

– Maktab o‘quvchilarining qalbi va ongiga harbiy-­vatanparvarlik tarbiyasini, eng avvalo, oiladan boshlashimiz kerak. Har bir ota-ona o‘z farzandiga to‘g‘ri tarbiya bera olsa, u maktabda ustozlari bergan o‘gitlarga rioya qiladi.
O‘quvchilarga vatanparvarlik tuyg‘usini singdirish uchun ko‘proq amaliy uchrashuvlar, davra suhbatlari va tematik darslarni ko‘paytirish zarur. Hozirgi kunda mutaxassis CHQBT rahbari soni jami 6 788 nafar (69,8 foiz)ni tashkil etishini hisobga olsak, ular mehnatini 5 ball asosida baholashga, menimcha, hali erta va shuni aniq bilamanki, bu borada hali qilinadigan ishlarimiz juda ko‘p.

– Sizningcha, «Vatan tayanchi» bolalar va o‘smirlar harbiy-­vatanparvarlik harakati maktab bitiruvchilarining istiqboliga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Joriy yilda Mudofaa va Xalq ta’limi vazirliklari o‘rtasida qanday hamkorlik aloqalari o‘rnatildi va huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilindi?

– O‘zbekiston Prezidentining 2022-yil 2-martdagi qaroriga muvofiq, Mudofaa vazirligi huzurida «Vatan tayanchi» bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati tashkil etildi. 2022/2023-o‘quv yilidan «Vatan tayanchi» harakati fao­liyatida faol ishtirok etgan hamda maktabni a’lo baholarga tamomlagan har bir «Vatan tayanchi» otryadining bir nafar a’zosiga Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadigan tanlab olish tartibiga muvofiq, oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma berilishi maktab bitiruvchilari uchun katta imkoniyatdir.

Mudofaa vazirligi bilan birgalikda «Vatan tayanchi» bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati a’zosini baholash mezoniga izohlar ishlab chiqildi. Mazkur harakat va uning a’zolariga imtiyozli tavsiyanomalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Shuningdek, «Vatan tayanchi» harakati huzurida vasiylik kengashi, uning hududiy bo‘lim va bo‘linmalari huzurida esa muvofiqlashtiruvchi kengashlar tuzildi.

Muxtasar aytganda, Mudofaa vazirligi bilan olib borilayotgan hamkorlikdagi ishlar ertangi kunimiz uchun muhim sanalgan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning asosiy omili bo‘lib qoladi, deb o‘ylayman.
 Mazmunli suhbatingiz va bergan ma’lumotlaringiz uchun tashakkur!

Leytenant Dilshod RO‘ZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti