Okruglarda “Oʻtkir Hoshimov asarlari bilimdoni” tanlovi o‘tkazildi

0
819

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi va jamiyat arbobi Oʻtkir Hoshimovning tavalludining 81 yilligi munosabati bilan Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida “Oʻtkir Hoshimov asarlari bilimdoni” tanlovi oʻtkazildi.

Adibning tavallud ayyomi munosabati bilan oʻtkazilgan tanlovda harbiy xizmatchilar va ularning farzandlari hamda “Vatanparvar” mahalla yoshlari ishtirok etib, Oʻtkir Hoshimovning hayoti va ijodi bilan bogʻliq savollarga javob berishdi. Bellashuv bahs emas, balki ijodiy uchrashuv ruhida kechdi. Yoshlar oʻzbek adabiyotining yorqin namoyondasi boʻlgan Oʻtkir Hoshimovning asarlarini sevib mutolaa qilishlarini oʻzlarining ishtiroki bilan namoyon etishdi.

Ishtirokchilarni Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug, Mudofaa vazirligi Jamoatchilik kengashining Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha mintaqaviy boʻlimi vakillari baholab bordi.

Tanlovda gʻolib va sovrindor boʻlgan yoshlar harbiy okrug qoʻmondonligi tomonidan taqdirlandi.

Shuningdek, Markaziy harbiy okrug ma’naviyat va ma’rifat markazida ham “O’tkir Hoshimov asarlari bilimdoni” ko’rik-tanlovining okrug bosqichi bo’lib o’tdi.

Unda Markaziy harbiy okrug tasarrufidagi harbiy qism va muassasalardagi kontrakt asosidagi va muddatli harbiy xizmatchilari faol ishtirok etishdi.

Ishtirokchilar tanlovda 4 shart bo’yicha bellashdilar va hakamlar tomonidan qo’shimcha savollarga javob berishdi. Yakunda faxrli 1-o’rin Samarqand garnizoni, 2-o’rin Navoiy garnizoni va 3-o’rin esa Jizzax garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchilariga nasib qildi.

Bundan tashqari, xuddi shunday ko‘rik-tanlov Toshkent harbiy okrug Chirchiq garnizoni ma’naviyat va ma’rifat markazida ham o‘tkazildi va okrug bosqichi g‘oliblari aniqlandi.