“ArMI-2022”: Xalqaro armiya oʻyinlari ishtirokchilari Oʻzbekistonga birin-ketin yetib kelmoqda

0
1683

“ArMI-2022” Xalqaro armiya oʻyinlari 13-avgustdan 27-avgust kuniga qadar dunyoning 12 ta davlat hududida oʻtkaziladi. Oʻzbekiston Respublikasi joriy yilda xalqaro armiya oʻyinlarining beshta musobaqasiga mezbonlik qilmoqda.

Xususan, Jizzaxdagi “Forish” poligonida “Dala oshxonasi” va “Qurolsoz usta” musobaqalari, Samarqanddagi “Sazagan” poligonida “Xavfsiz muhit”, Sharqiy harbiy okrugda “Yoʻl patruli” va Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtida “Sodiq doʻst” musobaqasi oʻtkaziladi.

Ayni kunlarda ishtirokchi jamoalar belgilangan manzilga yetib kelib, oʻzlari uchun ajratilgan joylarga oʻrnashishni boshladi.

Jumladan, “Sodiq doʻst” musobaqasida qatnashuvchi Jazoir delegatsiyasi poytaxtimizda tantanali kutib olindi. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida qarshi olingan mehmonlar Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtiga joylashtirildi. Bu yerda ular tayyorgarlik jarayonini olib borish bilan bir qatorda mamlakatimizning diqqatga sazovor maskanlari bilan tanishishi koʻzda tutilgan.

 

Shuningdek, Vyetnam jamoasi “Dala oshxonasi” hamda rossiyalik harbiylar jamoasi “Qurolsoz usta” musobaqalarida ishtirok etish maqsadida Forish poligoniga yetib keldi. Bundan tashqari, Rossiya jamoasi Qoʻqonda oʻtkazilayotgan “Yoʻl patruli” musobaqasida, vyetnamlik harbiy xizmatchilar esa Samarqanddagi “Xavfsiz muhit”da ishtirok etadi. Har ikki jamoa ham hozirda manzillarga joylashtirilgan.

“Xavfsiz muhit” musobaqasida qatnashuvchi Eron va Xitoy jamoalari ham “Sazagan” poligoni yetib kelgan.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti