“Mard askarga sovgʻa” mard oʻgʻlonlarimizga chinakam tuhfa boʻldi

679

 

“Alpomish” dostonida Barchin alplarga: “yoy tortishsa yoyi sinmay qolganga, Men tegaman, shu yoyandoz polvonga”, “ming qadamdan tanga pulni urganga, men tegaman shul qarchigʻay merganga” deya bejiz shart qoʻymagan edi. Chunki bunday fazilatlarga hayotning past-balandini koʻrgan, maʼnan va jismonan chiniqqan, sinovlardan toblangan  kishigina ega boʻladi.

Bugun chin vatanparvarlikni madh etuvchi, sadoqat va mardlikdan soʻz ochuvchi kitoblar guldastasi dunyo yuzini koʻrdi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Mudofaa va Madaniyat vazirliklari hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bilan hamkorlikda “Mard askarga sovgʻa” rukni ostida 11 ta hikoya va sheʼrlardan iborat ixcham kitoblar toʻplami taqdimoti fikrimizning yorqin dalilidir.

Toʻplamga kiritilgan “Bobolardan meros matonat”, “Bayroq”, “Yengmoq bor, yengilmoq yoʻq”, “Quyosh ham olov” kabi  hikoyalar, “Sensan nomus va shaʼnim manim”, “Vatan bayrogʻini oʻpgan oʻgʻlonlar”, “Vatan boʻlmas Vatandan tashqarida” kabi bir qator sheʼrlar hamda “Ulugʻimsan, Vatanim!” deb nomlangan qoʻshiqlar toʻplami yurt himoyachilarini vatanparvarlik, jasorat, matonat, fidoyilikka undab, ularning or-nomus singari yuksak insoniy fazilatlar qadr-qimmatini, ahamiyatini oshirishi shubhasiz.

Qurolli Kuchlar akademiyasida mazkur kitoblar toʻplamining taqdimotiga bagʻishlangan tantanali marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Xayriddin Sultonov, mudofaa vaziri  Bahodir Qurbonov, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid,  Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Xojimatov, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali, Oʻzbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo hamda boshqa bir guruh olimlar, yozuvchi va shoirlar, ijodkorlar, davlat organlari va tashkilotlarining masʼul vakillari ishtirok etishdi.

Mazkur tadbirda taqdim etilgan “Mard askarga sovgʻa” rukni ostida chop etilgan kitoblar toʻplami kelgusida yoshlarimizning, ayniqsa qorakoʻz oʻzbek askarlarining ongi va qalbida harbiy xizmatga boʻlgan munosabati, shaxsiy tarkibning ona yurtini himoya qilish hamda gʻalabaga boʻlgan ishonchini yanada mustahkamlashga, shuningdek milliy gʻurur va jangovar ruhni singdirishga xizmat qilishi alohida taʼkidlab oʻtildi.

Shuningdek, taniqli xonandalar tomonidan yurtni madh etuvchi kuy va qoʻshiqlarning ijro etilishi barchaga birdek gʻurur va iftixor baxsh etdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti