Oʻzbekiston—Tojikiston birgalikdagi oʻquviga start berildi

0
10737

Kecha Termiz shahriga yetib kelgan Tojikiston Respublikasi harbiy delegatsiyasi doʻstona kutib olinib, “Hamdoʻstlik—2022” birgalikdagi oʻquvi jarayonlari boshlab yuborildi. Mehmonlar Termiz garnizonidagi harbiy qismga joylashgandan soʻng birgalikdagi oʻquvga bagʻishlangan mashgʻulotlarga tayyorgarlik koʻrish maqsadida oʻzbek va tojik ofitserlari ishtirokida amalga oshiriladigan harakatlar rejalari oʻrganib chiqildi.

Bugun “Hamdoʻstlik—2022” birgalikdagi oʻquvining ikkinchi kuni tantanali ochilish marosimi bilan davom ettirildi. Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugi qoʻmondoni general-mayor Zaynobiddin Iminov hamda Tojikiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshligʻi oʻrinbosari, general-mayor Egamzod Sharof Xudoyberdi ochilish marosimida soʻzga chiqib, birgalikdagi doʻstona oʻquv davlatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlashiga ishonch bildirishdi.

Shundan soʻng ikki davlat madhiyasi sadolari ostida Oʻzbekiston va Tojikiston Respublikalari davlat bayroqlari koʻtarildi. “Hamdoʻstlik—2022” oʻquviga jalb etilgan harbiylar harbiy orkestr sadolari ostida saf maydonidan shaxdam oʻtishdi.

Tantanali ochilish marosimidan keyin Termiz umumqoʻshin dala-oʻquv maydoni oʻquv nuqtalarida va toʻsiqlar yoʻlaklarida oʻzbek harbiy xizmatchilari tomonidan koʻrgazmali mashqlar bajarildi. Mashqlar jarayonida harbiylarimiz yaqin masofada jang olib borish, yaradorlarni evakuatsiya qilish, shartli dushman hujumini qaytarish kabi amaliy mashgʻulotlarda ishtirok etishdi. Ushbu mashqlarni kuzatish jarayonida tojikistonlik harbiylar ham oʻzlarini sinab koʻrishdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti