Vabo — oʻta xavfli yuqumli kasallik

0
7868

Har bir yurtning iqlimi, tabiati, anʼanalari va aholining ijtimoiy ahvoliga bogʻliq ravishda oʻziga xos kasalliklari ham mavjud boʻladi. Osiyodagi yirik davlatlardan hisoblangan Hindiston va Pokistonda aholi orasida vabo kasalligining uchrab turishi doimiy hol hisoblanadi. Bu mamlakatlarda har yili minglab odamlar vabo kasalligiga mubtalo boʻladilar. Ularning barchasini shifoxonaga yotqizib davolashga imkoniyat ham yoʻq. Shu boisdan aholining quyi tabaqalari orasida bu kasallik keng tarqalib ketadi.

Hozirgi vaqtda davlatlar oʻrtasida siyosiy, iqtisodiy, madaniy va tijorat aloqalari tobora kengayib bormoqda. Shu tufayli vabo vaqti-vaqti bilan boshqa mamlakatlarga, hatto rivojlangan davlatlarda xam roʻyxatga olinmoqda.

Oʻzbekiston ham barcha xorijiy davlatlar bilan oʻzining serqirra hamkorligini amalga oshirmoqda. Hindiston, Pokiston, Afgʻoniston kabi vabo koʻp uchrab turadigan mamlakatlar bilan rasmiy aloqalar tobora rivojlanib bormoqda. Sayyohlik guruhlarining bu mamlakatlarga tez-tez borib kelishi ham oddiy bir hol boʻlib qoldi. Mamlakatlar oʻrtasidagi bordi-keldining avj olishi iqtisodiy nuqtayi nazardan davlatga ham, ishbilarmonlarga ham naf keltiradi. Lekin, bunday vaqtda eʼtibor berilishi zarur boʻlgan sanitariya-gigiyena talablari mavjud. Ularga amal qilmaslik, vabo kasalligining mamlakatimizga oson kirib kelishiga yoʻl ochib beradi. Yurtimizning issiq iqlimi, qishloq aholisining maʼlum qismi hanuzgacha ichish uchun ochiq suv havzalaridan foydalanishi vabo kasalligining tez tarqalib ketishiga imkon beradi. Shu sababli vabo kasalligi toʻgʻrisida, uning respublikamizga kirib kelish va tarqalish xavfi qanchalik ekanligi boʻyicha mutaxassisga savollar bilan murojaat qildik.

Vabo oʻzi qanday kasallik?

Vabo (xolera) oʻtkir yuqumli kasallik boʻlib, koʻp ich ketishi va qayt qilish natijasida organizmning keskin suvsizlanishi va hayotiy muhim organlar faoliyatining buzilishi bilan ifodalanadigan ogʻir holatlar bilan kechishi mumkin. Shifokorlar vaboni oʻta xavfli yuqumli kasalliklar guruhiga qoʻshadilar. Bunga sabab kasallik aholi orasida qisqa muddat ichida keng tarqalishi, shiddatli oʻtishi va ayrim hollarda ogʻir asoratlarni keltirib chiqarish xususiyatiga ega.

Vabo kasalligi qanday kelib chiqadi?

Kasallik yuqumli boʻlganligi sababli u bakteriyalar guruhiga kiruvchi mikroorganizmlarning inson tanasiga kirishi natijasida paydo boʻladi. Kasallik chaqiruvchi bakteriyaning tuzilishi vergulsimon boʻlganligi uchun, vibrion deb ataladi. Vibrionning xivchini boʻlib, u vibrionning harakat vositasi hisoblanadi. Odamlarda vaboni qoʻzgʻatadigan vibrionlar ikki xil boʻladi: klassik biotipga mansub klassik vabo vibrionlari va Elʼ-Tor biotipiga mansub vabo vibrionlari.

– Kasallikining manbai nima va vibrion inson tanasiga qanday tushadi?

Vabo kasalligining manbai faqatgina bemor inson boʻladi. Vibrion bemor organizmidan tashqariga qusuq moddasi va najasi bilan chiqadi. Sogʻlom kishi organizmiga esa faqat bitta yoʻl – ogʻiz orqali tushadi. Vibrionning tashqi muhitda tarqalishi suv, oziq-ovqatlar, sabzavotlar, umumiy foydalaniladigan idish-tovoqlar vositasida amalga oshadi. Zararlangan suv yoki oziq-ovqat mahsulotlarini sogʻlom odam isteʼmol qilganda vibrionlar yuqishi mumkin. Bundan tashqari infeksiya bevosita muloqot orqali ham yuqishi isbotlangan, yaʼni bemor odam ishlatgan buyumlar bilan muloqotda boʻlgan kishi organizmiga ham asosan qoʻli orqali tushadi.

Vibrion tashqi muhit omillariga qanchalik chidamli?

Vabo vibrionlarining tashqi muhitdagi turgʻunligi, ularning qanday sharoitga tushib qolganiga bogʻliq. Ishqoriy muhit vibrionlar oʻsish uchun qulaydir. Kislotali muhitda hamda dezinfeksiyalovchi moddalar, jumladan, xlor tutuvchi vositalar taʼsirida vibrion tezda nobud boʻladi. Past darajadagi harorat, hatto muzlatish ham vabo vibrionlariga unchalik taʼsir koʻrsatmaydi. 37-40°C li harorat vibrionlar koʻpayishi uchun qulay hisoblanadi. Vibrionlar yuqori haroratga chidamli emas. Harorat 60°C boʻlgan sharoitda ular 30 daqiqadan soʻng, 80°C da 5 daqiqa oʻtgach, 100°C, yaʼni qaynatilganida, oʻsha zahoti nobud boʻladi.

Turli sabzavot va hoʻl mevalarda vabo vibrionlari tabiiy sharoitda deyarli uchramaydi. Turli mahsulotlarga vabo vibrioni sunʼiy ravishda yuqtirilganida, maʼlum muddat saqlanib qolishi aniqlangan. Jumladan, goʻsht va uning mahsulotlari xona haroratida saqlanganida vibrionlar 2-5 kun, sovutgichda saqlanganida 8 kungacha tirik qolgan. Pomidor va tarvuz yuzasiga sunʼiy chaplab qoʻyilgan vibrionlar yoz sharoitida, quyosh nuri taʼsir etib turganida 8 soat ichida yoʻq boʻlib ketishi isbotlangan. Sut va uning mahsulotlari vibrionlar yashashi uchun ancha qulay hisoblanadi. Xom sutda vibrion bir necha kun, qaynatib, sovutilganida oylab saqlanishi mumkin, sariyogʻda 20 kundan ortiq yashaydi. Qaynatilmagan suvda vabo vibrioni yaxshi saqlanadi. Kanalizatsiya oqava suvlari bilan ifloslangan suv havzalarida vibrion oylab saqlanishi mumkin. Quduq suvida vibrion ikki haftagacha, dengiz suvida 10 kundan ortiq, mineral suvda 5 kungacha yashay oladi. Suvda vibrionlarning uzoq muddat topilishi undagi gidrobiontlar – baliq, qurbaqa va hokazo mavjudotlar organizmida yashay olish qobiliyati bilan bogʻliq.

Kasallik qanday belgilari bilan namoyon boʻladi?

Kasallikning yashirin davri bir necha soatdan besh kungacha choʻzilishi mumkin. Oʻzini sogʻlom his qilib turgan odamda toʻsatdan ich buzilishi roʻy beradi. Keyin har bir-ikki soatda ich suyuq holda ketib turadi. Oradan 3-4 soat oʻtgach, ich suvdek va koʻp keta boshlaydi. Har safar ich surganida bemor holsizlana boradi. Shunga mutanosib ravishda bemor organizmi suv va tuzlarni yoʻqotadi. Kasallikning ogʻirligi organizmning suv yoʻqotishi bilan bogʻliq boʻlib, yengil, oʻrta ogʻirlikda va ogʻir kechishi mumkin. Kasallik kattalarga nisbatan bolalarda ogʻirroq oʻtadi. Bemorning tana harorati pasaya boshlaydi. Koʻngil aynimasdan toʻsatdan qayt qiladi, tili qurib qoladi. Peshob kelishi kamayadi. Boldir muskullari tirisha boshlaydi. Shu davrda zudlik bilan tibbiy yordam berilmasa, dard yana ham avjiga chiqadi.

Vaboga gumon qilingan bemorga qanday yordam koʻrsatish mumkin?

Vabo kasalligi bilan kasallangan bemor atrofdagi sogʻlom odamlar uchun oʻta xavfli xisoblanganligi uchun maxsus shifoxonalarda davolanadi. Koʻpincha vabo kasalligini oddiy ich ketishiga qiyoslab, bemorni uy sharoitida davolashga kirishiladi. Buning natijasida bemorning ahvoli qaytarib boʻlmas darajada ogʻirlashuviga va atrofdagilarga kasallikning tarqalishiga sabab boʻladi. Xastalikning haqiqiy tabiatini faqat shifokor aniq bilishi mumkin. Shuni eʼtiborga olgan holda, biroz boʻlsa ham ich buzilishi alomatlari roʻy berganida darhol shifokorga murojaat qilish kerak. Shifokor kelguniga qadar bemorga tez-tez choy, qaynatilgan yoki mineral suv berib turish mumkin.

Vabo kasalligining doimiy manbasi boʻlgan hududlar mavjudmi?

Kasallik domiy qayd etib turadigan, yaʼni endemik hududlar mavjud boʻlib, Hindiston, Eron, Iroq, Yaman, Nigeriya, Uganda, Meksika, Braziliya shunday hududlarga kiradi. Oʻzbekiston Respublikasi endemik hudud xisoblanmaydi. Oʻzbekiston Respublikasi hududida ochiq suv havzalarining suvi vabo vibrioni qoʻzgʻatuvchisi mavjudligiga muntazam ravishda tekshirib turiladi. Tekshiruv natijalariga koʻra Oʻzbekiston hududida koʻpincha vabo vibrioniga oʻxshash boʻlgan “NAG vibrioni” koʻp aniqlanadi. Shu oʻrinda taʼkidlab oʻtish kerakki “NAG vibrioni”, vabo vibrionidan maxsus suyuqlikda choʻkmaga tushmasligi bilan farqlanadi. Ushbu vibrion vabo kasalligini chaqirmaydi, lekin oʻtkir ichak kasalligini keltirib chiqaradi.

Qoʻshni Afgʻonistonda vabo boʻyicha vaziyatga qanday baho berasiz?

Vabo boʻyicha qoʻshni Afgʻoniston Respublikasida hozirgi kunda bemorlar soni 6000 dan oshgan boʻlib, 12 kishi vafot etganligi toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalarida maʼlumotlar mavjud. Kasallik asosan Afgʻonistonning janubiy hududlarida tarqalgan boʻlib, bugungi kunga kelib shimoliy Oʻzbekiston bilan chegaradosh Balx provinsiyasi hududlarida ham qayd etilmoqda. Kasallikning tarqalishini yuqorida aytganimizdek toza ichimlik suvi taʼminotidagi muammolar keltirib chiqargan. Ichimlik suvi sifatining pastligi, yetarli darajada zararsizlantirilmasligi, oziq-ovqat mahsulotlarining zararlanishi kasallik tarqalishiga sabab boʻlmoqda.

– Kasallik paydo boʻlishini oldini olish uchun qanday choralar koʻrilmoqda?

Vabo kasalligini boshqa davlatlardan kirib kelishini oldini olish maqsadida respublikaning boshqa davlatlar bilan chegara postlarida sanitariya nazorat punktlari mavjud boʻlib, sogʻligi boʻyicha muammolari boʻlganlarni oʻz vaqtida aniqlash va ajratib olish hamda tezda tegishli tekshiruvlarni oʻtkazish vazifasini bajaradi. Vabo tarqalgan davlatlarga borib qaytib kelgan fuqarolarimizga nisbatan ham shunday ish tutiladi. Shu tadbirlar orqali vabo kasalligining chetdan kelib tarqalishining oldi olinadi. Vabo bilan kasallangan bemor aniqlangan vaziyatda bemorni davolash uchun maxsus davolash joylari belgilangan va zaruriy dori vositalari bilan taʼminlangan.

Respublika sanitariya-epidemologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi xizmati tomonidan har yili ochiq suv havzalaridagi suv harorati 16°C dan orta boshlagan davrda, yaʼni bahordan kuzgacha, har haftada bir marotaba vibrionlar mavjudligiga tekshirib turiladi. Agarda yuqorida aytib oʻtganimizdek “NAG vibrionlari” aniqlangan holatlarda ham tegishli chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Bundan tashqari ichimlik suvi va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar doimiy nazoratga olingan va muntazam ravishda laboratoriya tahlillari uchun namunalar olinib turiladi. Yuqumli kasalliklar shifoxonalarida oʻtkir ich ketishi alomatlari bilan kelgan bemorlar albatta vabo qoʻzgʻatuvchisi mavjudligiga tekshiruvdan oʻtkaziladi.

Vabo kasalligi profilaktikasi boʻyicha nimalarni tavsiya qilasiz?

Vabo kasalligi Oʻzbekistonda qayd etilmagan va bu kasallik respublikamiz hududi uchun endemik boʻlmaganligi sababli, profilaktik tadbirlarni avvalambor kasallik qoʻzgʻatuvchisi mavjud boʻlishi mumkin boʻlgan ochiq suv havzalariga qaratish lozim. Yaʼni, harbiy qism va muassasalar hududidan oqib oʻtuvchi ochiq suv havzalari suvini yozgi mavsumda har haftada laboratoriya tekshiruvidan oʻtkazish lozim.

Quyidagi umumiy profilaktik chora-tadbirlarga amal qilish oʻtkir yuqumli ichak kasalliklaridan (shu jumladan vabodan ham) himoya qilish uchun tavsiya etiladi:

  • avvalombor, shaxsiy gigiena qoidalariga qatʼiy rioya qilish lozim;
  • har kuni kechqurun uyqudan oldin, ertalab uyqudan soʻng yuz-qoʻlni sovunlab yuvish va tishlarni tozalash;
  • hojatdan soʻng va ovqatlanishdan oldin qoʻllarni sovunlab yuvish;
  • meva va sabzavotlarni tozalab yuvib, qaynatilgan suvda chayib isteʼmol qilish;
  • maxsus idishlarda chiqarilgan va qaynatilgan suvni ichish;
  • choʻmilganda ogʻiz orqali suv yutmaslik, faqat shaxsiy mochalka va sochiqdan foydalanish;
  • ovqat qoldiqlarini ochiq, ishlatilgan idish-tovoqlarni yuviqsiz qoldirmaslik, idish tovoqlarni tozalab yuvish;
  • maishiy chiqindilarlarni qopqogʻi zich yopiladigan chelakka yigʻish, uni kamida kuniga bir marta boʻshatib, yuvib quritish lozim.

Tibbiy xizmat podpolkovnigi T. ESHKOBILOV, Mudofaa vazirligi sanitariya epidemiologiya nazorat markazi boʻlim boshligʻi