«ArMI-2022»: O‘zbekiston VIII Xalqaro armiya o‘yinlarining 5 ta yo‘nalishiga mezbonlik qiladi

920

Milliy armiyaning kuch-qudrati va salohiyati, yurt himoyachilarining jangovar shayligi va kasbiy tayyorgarligini amalda yaqqol namoyon etadigan «ArMI-2022» Xalqaro armiya o‘yinlari joriy yilning 13-avgustidan 27-avgust kuniga qadar dunyoning 12 ta davlat hududida o‘tkaziladi.

Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda mudofaa vazirining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi, Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘i polkovnik Otabek Yuldashev axborot berdi.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi bu safar nufuzli mazkur VIII Xalqaro armiya o‘yinlarining 20 ta yo‘nalishida ishtirok etadi. 34 ta yo‘nalishni qamrab olgan musobaqalarda 37 ta davlatdan 275 ta jamoalar o‘zaro bellashadilar. Xususan, mamlakatimiz hududida ilk bor musobaqalarning 5 ta yo‘nalishi bo‘lib o‘tadi. Jizzaxdagi «Forish» poligonida «Dala oshxonasi» va «Qurolsoz usta» musobaqalari, Samarqanddagi «Sazagan» poligonida «Xavfsiz muhit», Sharqiy harbiy okrugda «Yo‘l patruli» va Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida «Sodiq do‘st» musobaqasi o‘tkaziladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoalari Rossiya hududida o‘tkaziladigan «Elbrus halqasi», «Avtozirxli tank-texnika ustasi», «Qo‘shinlar razvedkasi a’lochisi», «Tank biatloni», «Harbiy-tibbiy estafeta», «Harbiy ralli», «Muhandis formulasi» musobaqalarida, Mo‘g‘ulistonda «Otliq marafon», Belarus Respublikasida «Ishonchli qabul» va «Qutb yulduzi», Qozog‘istonda «Armiya taktik o‘qchisi» va «Meridian», Venesuelada «Merganlik marrasi», Jazoirda «Desant vzvodi» hamda Eronda «Professional mergan» yo‘nalishlarida ishtirok etadi.

Mamlakatimiz hududida bo‘lib o‘tadigan barcha musobaqalarga munosib tayyorgarlik ko‘rilgan. Ya’ni, barcha hududlarda, poligon va o‘quv markazlarida musobaqa ishtirokchilari uchun zamonaviy va qulay sharoitlar yaratilgan. O‘zbekistonga keladigan xorij davlatlari harbiy jamoalari uchun diqqatga sazovor va tarixiy obidalarga ekskursiyalar, madaniy va dam olish hamda sport tadbirlari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, barcha hududlarda so‘zlashuvchi imkoniyatini beruvchi videokonferens aloqa tizimi, jamoa ishtirokchilari uchun WI-FI hududlar, 200 Mbit/s gacha yuqori tezlikdagi internet xizmatlari, valyuta ayirboshlash shahobchasi, mahalliy mobil aloqa operatorlarining xizmat ko‘rsatish shahobchalari, savdo nuqtalari hamda matbuot markazlari tashkil etilgan.

Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi 2021 yilda o‘tkazilgan xalqaro armiya o‘yinlarida 4 ta oltin, 9 ta kumush va 4 ta bronza medallarini qo‘lga kiritgan holda umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egallagan hamda jami 37ta rekor natijadan 10 tasini mamlakatimiz harbiy xizmatchilari yangilagan edi. E’tiborlisi, unda 42 ta davlatning jami 277 ta jamoasi o‘zaro kuch sinashgan, mamlakatimiz nufuzli musobaqalarning 24 yo‘nalishida ishtirok etgan.

Yurtdoshlarimizning bu kabi yutuqlarini ko‘rib, bugun milliy armiyamizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohatlar o‘z samarasini berayotganiga amin bo‘lamiz.

Ishonchimiz komilki, bu yil ham mamlakatimiz hamda xalqaro maydonlarda bo‘lib o‘tadigan musobaqalarda harbiy xizmatchilarimiz yurtimiz sha’nini munosib himoya qilib, davlat bayrog‘ini baland ko‘targan holda sovrinli o‘rinlarga ega bo‘ladilar.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti