“Kattaqoʻrgʻon” dala-oʻquv maydonida tankchi mutaxasisslar uchun oʻquv yigʻini boshlandi

0
918

Markaziy harbiy okrugi qoʻshinlarida tankchi mutaxassisligiga ega boʻlgan harbiy xizmatchilar va muddatli harbiy xizmatchilar uchun “Kattaqoʻrgʻon” dala-oʻquv maydonida 10 kunlik amaliy-uslubiy oʻquv yigʻini boshlandi.

Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu oʻquv yigʻini mutaxassislarning bilim va koʻnikmalarini sinovdan oʻtkazish, mustahkamlash hamda batalyon taktik guruhlarining jangovar qobiliyatini yanada oshirishga qaratilgan.

Oʻquv yigʻining dastlabki kunida zirhli texnikalarni va harbiy yuklarni temir yoʻl harakatchan tarkibi (vagon)ga yuklash-tushurish boʻyicha amaliy-koʻrgazmali mashgʻulotlar oʻtkazildi.

Mashgʻulotlarda harbiy texnika va yuklarni tashish jarayonida tayinlangan qorovul shaxsiy tarkibining majburiyati, turli xil vaziyatlardagi harakatlari va alohida xizmat oʻtashning boshqa ahamiyatli jihatlari, harbiy texnikalarni yuklashda zarur boʻladigan anjomlar xususida tushuntirishlar berib oʻtildi.

Koʻrgazmali tarzda oʻtilgan mashgʻulotlar doirasida zirhli texnikalarni platformalar orqali vagonlarga yuklash-tushurish, ularning siljib ketishini oldini olish maqsadida belgilangan tartibda mahkamlash, texnikalarni tashishda niqoblash ishlarini tashkil yetish kabi koʻrgazmali mashgʻulotlar namoyish etildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati