Markaziy harbiy okrugda “Eng yaxshi kutubxona” va “Eng yaxshi kutubxonachi” ko’rik-tanlovi g’oliblari aniqlandi

0
931

Harbiy qism va muassasalarda madaniyat markazi boshliqlarining ish samaradorligini yanada oshirish, kutubxonalarda ish faoliyatini yangi bosqichga ko’tarish, targ’ibotning innavatsion texnologiyalarini joriy etish hamda ular orasidan eng namunalisini aniqlashga yo’naltirilgan “Eng ilg’or Madaniyat markazi boshlig’i”,  “Eng yaxshi kutubxona”, “Eng yaxshi kutubxonachi” ko’rik-tanlovi bo’lib o’tdi.

Tanlovda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Samarqand shahar bo’linmasi mutaxassisi N.Jabborova, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, jurnalist va shoir Z.Ibragimov, Samarqand viloyat axborot-kutubxona markazi bosh mutaxassisi N.Vohidova, Samarqand shahar “Ma’rifat” targ’ibotchilar jamiyati a’zosi M.Atoyevalar odilona hakamlik qilishdi.

Unda Markaziy harbiy okrug tasarrufidagi barcha harbiy qism va muassasalarda faoliyat yurituvchi Madaniyat markazi boshliqlari, kutubxonachilar faol ishtirok etishdi. “Eng ilg’or Madaniyat markazi boshlig’i” tanlovida mutaxassislar begilangan shartlarni bajarib, o’z ish faoliyatlari bilan tanishtirdilar.

“Eng yaxshi kutubxona” tanlovida harbiy qism va muassalarda mavjud kutubxonaning zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlangani, yangi adabiyotlar bilan boyitilgani alohida inobatga olindi.

“Eng yaxshi kutubxonachi” tanlovida esa kutubxonachilarning bilimi va kasbiy mahorati, kitobxonlarga ko’rsatayotgan xizmat turlari, elektron katalog yaratish va foydalanish, ma’naviy-marifiy kechalar, tanlovlar o’tkazish, kitobxonlar bilan ish faoliyatini tashkil etish, internet yordamida berilgan mavzu bo’yicha ma’lumotlar bazasini shakllantirish, zamonaviy va axborot-komunikatsiya texnologiyalaridan ish jarayonida samarali foydalana olish qobiliyati, kutubxonada mavjud bo’lgan adabiyotlardan mavzuga oid bibliografik ko’rsatkich tuzish, kutubxona fondi va adabiyotlari bilan ishlash mahorati sinab ko’rildi.

Tanlov yakunida barcha shartlardan muvaffaqiyatli o’tganlar saralandi. G’oliblik Samarqand garnizonidagi mutaxassislarga nasib qildi. Tanlov g’oliblari qo’mondonlik tomonidan sertifikatlar bilan taqdirlandi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati