Harbiy xizmatchilarni ogohlikka chaqirishga bag‘ishlangan tadbir

0
813

Korrupsiyaga qarshi kurashishda ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot tadbirlari muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham Mudofaa vazirligi tizimida tashkil qilinadigan ma’naviyat va ma’rifat mashg‘ulotlarida korrupsiyaga qarshi kurashga bag‘ishlangan bir qator ma’ruzalar tashkil qilinib, ularga tajribali mutaxassislari jalb etilmoqda. Bundan tashqari, harbiy qismlarda korrupsiyaviy omillarni o‘rganish maqsadida, qator savolnomalar tashkil qilinib, ularga javoblar olinmoqda va natijalar tahlil qilib borilmoqda.

Navbatdagi shunday tadbirlardan biri Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida joylashgan harbiy qismlardan birida bo‘lib o‘tdi. Unda Mudofaa vazirligi Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlimi boshligʻi adliya podpolkovnigi N. Komilov va boʻlim xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir davomida harbiy xizmatchilarga korrupsion holatlar qanday ayanchli oqibatlarga olib kelishi, uning kelib chiqish mexanizmlari, manfaatlar toʻqnashuviga yo‘l qo‘ymaslik va bu boradagi tegishli nizomlar shaxsiy tarkibga yetkazildi.

Shuningdek, tadbir davomida Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti hamkorligida ishlab chiqilgan qisqa metrajli videoroliklar harbiy xizmatchilarga qoʻyib berilib, targʻibot va tashviqot ishlari oʻtkazildi.