Nukusda yo‘l harakati xavfsizligi masalalariga bag‘ishlangan profilaktik tadbir o‘tkazildi

0
969

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash masalalariga bagʻishlangan profilaktik tadbirda garnizon harbiy xizmatchilari ishtirok etdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tomonidan tashkil etilgan uchrashuv davomida soʻzga chiqqanlar harbiy xizmatchilarni transport vositalarini boshqarishda ogoh va xushyor boʻlishga, texnikaning sozligini doimiy nazorat qilishga, xizmat safari va mehnat taʼtiliga chiqqanda shaxsiy avtoulovlardan foydalanmaslikka chaqirdi.

Mamlakatimiz iqtisodiyotida kuzatilayotgan oʻsish darajasi, xalqimiz turmush darajasi yuksalib borayotgan bir vaqtda, yoʻllarda shaxsiy avtotransport vositalarining koʻpayib borishi maʼlum maʼnoda koʻpchilikning ehtiyojini qondirsa, boshqa tomondan yoʻl-transport xodisalarning ortishiga ham olib kelmoqda. Bunga tajribasiz haydovchi yoki piyodalarning beparvoligi asosiy omil boʻlib xizmat qilayotgani achinarlidir.

Belgilangan tezlikka rioya qilmaslik, haydovchining tajribasizligi, oraliq masofani saqlamaslik, piyodaga yoʻl bermaslik, svetofor yoki yoʻl belgisiga rioya qilmaslik, quvib oʻtish qoidasini buzish hamda mast holda transport vositasini boshqarish kabi omillar, afsuski, hali-xanuz yoʻl-transport hodisalariga bogʻliq statistik maʼlumotlarda yuqori pogʻonalarni egallab kelmoqda.

Profilaktik tadbir davomida ishtirokchilarga Mudofaa vazirligi Harbiy avtomobil nazorati inspeksiyasi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti tomonidan tayyorlangan mavzuga oid videolavhalar namoyish etildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati