Snayperlarni kashf qilgan qush

0
1446

«Snayper» atamasi XVIII asrning 70-yillarida Hindistondagi Britaniya askarlari orasida bekas (inglizchasiga snipe) qushini ovlash jarayonida paydo bo‘lgan so‘z. Uzun tumshuqli bekassimonlar oilasiga mansub bu mitti qushni (tana hajmi 26 sm, og‘irligi 80-180 gramm va qanotlarining kengligi 40-45 sm) o‘sha davr qurollarida ovlash naqadar mashaqqatli vazifa bo‘lganligi qayd etiladi va bu ishni amalga oshira olganlar mohir mergan sifatida tan olingan.

Bekassimonlar oilasiga mansub mitti qush

Bundan tashqari tanasining atrof-muhitga mos niqoblanganligi, parvoz davomidagi chalg‘ituvchi harakatlari va eng asosiysi o‘ta ehtiyotkorligi sababli bekaslarni ovlash jarayonida merganlik, iztoparlik hamda mohirona niqoblanish, niqoblangan joyida uzoq vaqt sabr bilan kuta olish kabi xususiyatlarga ega bo‘lgan ovchilargina muvaffaqiyatga erisha olishi kuzatilgan. Shuning uchun parvozdagi qushga aniq o‘q uzish holatlari kamdan-kam hollardagina qayd etilgan va bu ishni amalga oshirgan merganlar mohir ovchilar qatoriga kiritilgan. Aynan mana shu xususiyatlarga ega insonlarning xatti-harakatlaridan so‘ng XVIII asr oxiriga kelib, «snayperlik» yoki «merganlik o‘q otishi» ko‘rinishida atala boshlangan.

«Snayper» atamasi rasmiy tarzda ilk marta 1824 yili qo‘llanilib, Birinchi jahon urushida snayperlar xizmatidan keng miqyosda foydalanilgan. Snayperlarning jangdagi foydasi ancha sezilarli bo‘lishidan tashqari, ularga nisbatan xavf-xatarning yuqoriligi bilan ajralib turgan. Shuning uchun 1930 yilga kelib, ko‘pgina davlatlar maxsus merganlar bo‘linmalarining xizmatidan voz kechgan. Bunday bo‘linmalarga jangchilarni tayyorlash va o‘qitish faqatgina sobiq sovet Ittifoqidagina mavjud edi.

Ikkinchi jahon urushi boshlarida fransuz va britan merganlari G‘arbiy frontda nemislarning hujumlarini ma’lum muddatga to‘xtatib qolishga erishdilar. Harakatdagi qo‘shinlar bilan yonma-yon jang qilish hadisini olgan Qizil armiya snayperlari esa Sharqiy frontda fashist bosqinchilariga qaqshatqich zarbalarni berishda, o‘zlarining munosib hissasini qo‘shgan. Ular safida Teshaboy Odilov, Abdulla Qurbonov (Sovet Ittifoqi Qahramoni), Abdulla Musoyev («Shon-sharaf» ordenining to‘liq kavaleri), Tojiboy Rajabov, Hayit Xo‘jamatov, Anorboy Erjonov, Xoliqov, Zebo G‘aniyeva singari mashhur o‘zbek merganlari fashist bosqinchilariga qarshi kurashda o‘z mahoratlarini namoyish etgan.

Umuman olganda, snayperlar tayyorlash kursida o‘qigan 428 335 nafar jangchidan 70 nafari Sovet Ittifoqi Qahramoni (shulardan olti nafari ayol) va 20 nafaridan ko‘pi «Shon-sharaf» ordenining barcha uchchala darajasi bilan taqdirlangan. Dushmanga eng ko‘p talafot yetkazgan snayper Mixail Surkov (702) hisoblansa, ayollar orasida Lyudmila Pavlichenko (Sovet Ittifoqi Qahramoni, 309+36 nemis snayperini o‘ldirgan) Ikkinchi jahon urushi yillaridagi eng mohir mergan sifatida qayd etilgan.

Ikkinchi jahon urushi yillarida Mosin-Nagan M1891/30 (SSSRda ishlab chiqilgan turi), Mauzer 98k nemis karabini, Li-Enfild 1914-yil (Buyuk Britaniya), Arisaka 97 (Yaponiya), M1903A4 Springfild va M1C Garand (AQSh) kabi snayperlik miltiqlaridan keng foydalanilgan. 1945-yilning fevral oyidan boshlab esa ilk marta infraqizil tungi nishonga olish uskunasi ishlab chiqarila boshlagan.

Harbiy doktrina

Ayrim davlatlar qabul qilgan harbiy doktrinaga muvofiq, snayperlar xizmatidan harbiy qismlardagi vaziyat va qo‘llaniladigan uslublardan kelib chiqqan holda turli maqsadlarda foydalaniladi. Uzoq muddat niqoblangan nuqtada dushmanni kuzatish, kerak bo‘lganda muhim nishonlarni yo‘q qilish orqali (ofitser, nishonga yo‘naltiruvchilar yoki ilg‘or bo‘linmalar) dushmanning jangovar harakatlarini kamaytirish zamonaviy snayperlarning asosiy vazifalaridan biridir. Bundan tashqari, ularning vazifasiga razvedka ma’lumotlarini to‘plash va yetkazish ham kiradi. Ba’zi hollarda snayperlar tomonidan dushman harbiy texnikasini yakson qilish uchun 50 BMG, Barrett M82, McMillan Tac-50 va Denel NTW-20 yirik merganlik qurollaridan foydalaniladi.

Garchi snayperlik harbiy soha mutaxassisligi sifatida e’tirof etilsa-da, yillar davomida uning ta’sir doirasi ancha kengayib bormoqda. Bugungi kunda snayperlar xizmatiga boshqa harbiylashgan sohalarda, ya’ni huquq-tartibot organlarida ham keng ko‘lamda ehtiyoj sezilyapti. Huquq-tartibot organlarida xizmat qiladigan merganlar harbiylardan farqli ravishda asosan 50 yoki 100 metr oralig‘idagi qisqa masofalarda harakat qiladi. Bu holat merganlarning asosan shahar sharoitida ishlashi bilan ham bog‘liqdir. Nishonni yo‘q qilish kamdan-kam hollarda, ya’ni garovga olingan shaxsning hayotiga xavf tug‘ilgandagina amalga oshiriladi. Harbiylashgan sohalarda merganlar xizmatidan foydalanish ko‘pincha terroristik guruhlar tomonidan amalga oshiriladigan hujumlarni bartaraf etishda ko‘proq samara berishi amalda isbotlangan.

Yuqoridagi holatlardan kelib chiqqan holda harbiy doktrinalarda mamlakat xavfsizligini ta’minlash, tinch aholi hayotiga xavf tug‘ilgan vaziyatlarda snayperlar xizmatidan foydalanish kabi asosiy prinsip­lar ko‘zda tutilishi ko‘rsatilgan. Qanchalik achinarli bo‘lmasin, ayrim davlatlarda merganlar xizmatidan kriminal, jinoiy to‘dalar ham foydalanayotgan vaziyatlar uchrab turadi.

Merganlar tayyorlash markazi

Ko‘pchilikda snayperlar bajaradigan vazifalaridan kelib chiqqan holda dunyoning barcha davlatlarida bu soha vakillari deyarli bir xil ishni amalga oshiradi, degan tushuncha paydo bo‘lishi mumkin. Ammo ularni tayyorlash markazlarida o‘rgatiladigan uslublar, foydalaniladigan qurollar va boshqa jihatlar bilan bir-biridan keskin farq qiladi. Hatto milliy mentalitet ham muhim omil sifatida ajralib turadi. Mutaxassislar tarixiy kelib chiqishida ovchilik bilan doimiy shug‘ullangan millatlarning vakillaridan kuchli snayperlar tayyorlash mumkin deb hisoblashadi. Bu narsa ilmiy, amaliy va nazariy isbot talab etmaydigan aksiomadir. Mazkur aksiomani o‘zbek merganlari misolida ko‘rib chiqsak, haqiqatga qanchalik yaqinligi yana bir marta isbotlanadi.

2021-yil may oyida mudofaa vazirining buyrug‘i bilan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi merganlar tayyorlash markazi faoliyati ishga tushirildi. «G‘urumsaroy» dala-o‘quv maydonida joylashgan ushbu markazda tajribali yo‘riqchi-merganlar Qurolli Kuchlar tizimida xizmat burchini o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning kasbiy malakasini oshirish yo‘lida izlanishlar olib bormoqda. Ishga tushirilganiga bir yildan sal ko‘proq vaqt bo‘lgan markaz qisqa vaqt oralig‘ida xalqaro miqyosda ham, mamlakatimiz miqyosida ham yutuqlarga erishmoqda. Buni soha mutaxassisining bildirgan fikrlari ham dalillaydi.

Mayor Shahboz EShONQULOV:

– Markazda tajribali yo‘riqchi-merganlar Qurolli Kuchlarimiz tizimidagi shu soha mutaxassislarining kasbiy mahoratini oshirishda tunu kun mehnat qilmoqda. Faoliyatimizni o‘tgan yili boshlaganimizga qaramay, qator yutuqlarga erishdik. O‘tgan davr oralig‘ida Qurolli Kuchlar tizimi mutaxassislari o‘rtasida «Eng ilg‘or merganlar jamoasi» musobaqasini tashkillashtirdik. Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasi va Fransiya davlatlaridan kelgan jamoalar bilan amaliy hamkorlik yig‘inlarini o‘tkazdik. Yaqin kunlar ichida italiyalik merganlar jamoasining markazimizga tashrifi kutilmoqda.

Bundan tashqari, yo‘riqchi-merganlarimizdan ayrimlarining xalqaro va mamlakatimiz miqyosidagi musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni egallaganini e’tirof etmoqchiman.

– Mutaxassislar mohir mergan bo‘lish uchun milliy mentalitet muhimligini ta’kidlashadi. Siz buni qaysi jihatlar bilan ko‘rsatib bera olasiz?

– Merganlik ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelyapti, desam, adashmayman. Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik kabi mohir sarkardalarimiz yoshligidanoq kamondan o‘q uzish hadisini olgan. Bu qobiliyati orqali o‘z qo‘shinidagi jangchilariga namuna bo‘lgan. Natijada, o‘sha vaqt qo‘shinning orasida bir chaqirimdan uzukdan o‘q o‘tkazish musobaqalari tashkillashtirilgani hammaga ma’lum.

Merganlikning milliy mentalitetga aloqadorligi chidamlilik va sabr-toqatda ham namoyon bo‘ladi. Niqoblangan mergan o‘z joyida kunlab, hattoki, haftalab dushmanni kuzatishi mumkin. Bu holat harbiy xizmatchilarimizning ko‘plab xalqaro musobaqalardagi ishtirokida kuzatilgan va xorijlik mutaxassislar yigitlarimizning chidamlilik va sabr-toqatiga tan berishgan.

– Harbiy merganlik musobaqasi va sport snaypingining farqi nimada? Markazda har ikki yo‘nalish bo‘yicha musobaqa tashkillashtirish imkoniyati mavjudmi?

– Albatta, katta farqi bor. Harbiy merganlar musobaqasida asosan taktik uslublarning qo‘llanilishi e’tiborga olinadi. Ya’ni unda masofa, hudud, foydalaniladigan qurollar… Sport snaypingi faqat jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha harbiy merganlar musobaqasiga yaqinroq bo‘ladi.

Markazda har ikki yo‘nalish bo‘yi­cha musobaqa o‘tkazish imkoniyati mavjud. Buning uchun musobaqada qo‘llaniladigan texnik bazani almashtirishning o‘zi yetarli. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mutaxassislar harbiy merganlar bellashuvida ham, sport snaypingi musobaqasida ham bemalol qatnashishi mumkin.

Asror RO‘ZIBOYEV, Mudofaa vazirligi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti