Nazorat tekshiruvi sinovlari harbiy qismlarning jangovar shayligini oshirishga xizmat qildi

0
1214

Avval xabar berganimizdek, Markaziy harbiy okrugining Samarqand hamda Jizzax garnizonida joylashgan harbiy qismlarning jangovar shayligi sinovdan o‘tkazildi. Harbiy xizmatchilar dastlab harbiy qismlarda o‘tkazilgan nazariy va amaliy mashg‘ulotlarda bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlagan bo‘lsa, tekshiruvning asosiy jarayonlari  “Sazagan” hamda “Forish” dala-o‘quv maydonlarida jangovar mashg‘ulotlar bilan davom etdi.  

Jumladan, “Sazagan” dala-o‘quv maydonida o‘tkazilgan sinovlarda batalon shaxsiy tarkibi yuqori jangovar shay holatga keltirilib, vzvod shaxsiy tarkibiga shartli dushmanning joylashgan hududini aniqlash va u yerga yetib borish, razvedka ishlarini amalga oshirish hamda pistirma bilan dushmanni yo‘q qilish vazifasi yuklatildi. Vzvod shaxsiy tarkibi ushbu vazifani a’lo darajada bajarib, qurollangan shartli dushmanni yo‘q qildi.

Shuningdek, rejaga muvofiq kun tartibidagi asosiy mashg‘ulotlar turli o‘quv nuqtalarida davom etdi. Xususan, yurt o‘g‘lonlari havo hujumidan mudofaani kuchaytirish, radiatsion kimyoviy moddalardan himoyalanish, zirhli texnikalar yordamida harakatlanish, undan tushish va chiqish, jangovar qurollardan o‘t ochish kabi meyorlarni bajarishda ishonchli harakatlarni amalga oshirdi. 

Sinov mashg‘ulotlari tungi sharoitlarda ham tashkil etildi. Unda harbiy xizmatchilar harbiy topografiya, muhandislik tayyorgarligi hamda amaliy o‘q otish mashqlarini bajarishdi.

O‘tkazilgan nazorat tekshiruvlari davomida yurt posbonlarining jangovar tayyorgarligi oshirilib, komandirlik boshqaruvi hamda favqulodda holatlarda to‘g‘ri va aniq harakatlanish ko‘nikmalari mustahkamlandi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati