Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug jangovar vzvodlari jiddiy sinovdan o‘tdi

0
1193

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlarida quyi pog‘onadagi harbiy bo‘linmalar Mudofaa vazirligi tizimida o‘tgan yildan boshlab o‘tkazib kelinayotgan “Eng ilg‘or jangovar vzvod” ko‘rik-tanlovida ishtirok etdi.

Jangovar vzvodlarning jipsligi, hamjihatligini ta’minlash, ularning jangovar vazifalarni bajarishga shayligini sinovdan o‘tkazish maqsadida tashkil etilgan mazkur ko‘rik-tanlov shartlariga asosan har bir jangovar bo‘linma o‘z hududidagi harbiy ob’ektlar hamda umumqo‘shin poligonlaridagi bellashuvda ishtirok etadi.

Ta’kidlash joizki, Mudofaa vazirligi rahbariyati tomonidan 2020-yildan e’tiboran yuqori bo‘g‘indagi harbiy bo‘linmalarga emas, balki quyi pog‘onadagi vzvodlarga bo‘lgan alohida e’tibor sabab, bugun ushbu bo‘linmalarning ta’minoti, jangovar tayyorgarligi va shayligi yuksalishiga erishilyapti. Guruh va vzvodlarda sog‘lom raqobat muhiti yanada shakllantirilib, bo‘linma komandirlarining liderlik va boshqaruvchanlik qobiliyati yana yuksalmoqda.

Mudofaa vazirligi Jangovar tayyorgarlik bosh boshqarmasi mas’ul ofitserlaridan iborat hay’at a’zolari Nukus va Urganch garnizonlaridan tanlab olingan jangovar vzvodlar va minomyot batareyasi o‘rtasidagi murakkab sinov jarayonini kuzatdi.

Ko‘rik-tanlovda bo‘linmalarning saf ko‘rigi, qurol-aslaha va texnikalarning holati hamda saqlanishi, o‘quv-moddiy bazalarning butligi, vzvodning jangovar vazifalarni bajarishga shayligi, bo‘linmaning jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarligi, tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar, harbiy intizom hamda huquq-tartibot holati sinchkovlik bilan nazoratdan o‘tkazildi.

Musobaqada bo‘linmalar “Nukus” hamda “Yangiariq” umumqo‘shin poligonlariga jangovar va harbiy texnikalarda marsh yurishni amalga oshirib, yo‘lda ehtimoliy dushman hujumlari, pistirma va boshqa nostandart holatlarni bo‘ysunuvdagi kuch va vositalar bilan bartaraf etishdi.

Dala-o‘quv maydoni hududida bo‘linmalar tomonidan guruh tarkibida o‘qotar va zirhli transportyor qurollaridan har xil holatlarda amaliy o‘q otish mashqini bajarish, taktik va topografik vazifalar, texnikalarni temir yo‘l platformalariga yuklash va tushirish, jismoniy tayyorgarlik me’yorlari hamda mutaxassislik bo‘yicha savollarga aniq javob berish belgilangan edi. Amaliy mashg‘ulotlar kunduzi va tungi sharoitlarda bajarilib, harbiy xizmatchilarning mahorati oshishi ko‘zda tutildi.

Ko‘rik-tanlov nizomida qayd etilganidek, bo‘linmalar me’yorlarni bajarganlik uchun qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi ballar bilan taqdirlanishi va aksincha, yig‘ilgan ballardan mahrum bo‘lishi ham mumkin edi.

Ishtirokchilar tomonidan mazkur musobaqa boshqalaridan tubdan farq qilishi e’tirof etildi. Zero, Vatan himoyachisi deganda faqatgina chiroyli harbiy libosdagi yigitlar emas, balki og‘ir, mashaqqatli mashqlarda toblangan, har qanday vaziyat va sharoitda o‘ziga yuklatilgan jangovar vazifalarni bajarishga shay turgan yurt o‘g‘lonlari gavdalanishi tabiiy.

Eslatib o‘tamiz, ko‘rik-tanlovda g‘olib bo‘lgan vzvod va batareya komandirlarini taqdirlash marosimi O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri tomonidan 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayramida amalga oshiriladi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati