Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlarida jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari

0
1439

Har bir harbiy xizmatchi muntazam ravishda o‘z ustida ishlab, bilim va ko‘nikmalarini oshirib borishi lozim. Dala-o‘quv maydonlari va harbiy qism hududlarida o‘tkazilayotgan jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari esa bu borada yurt o‘g‘lonlari uchun ajoyib imkoniyatlar yaratadi.

Sharqiy harbiy okrugiga qarashli Namangan garnizonidagi harbiy qismda ham harbiy xizmatchilarning jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarligiga alohida e’tibor qaratiladi. Bu yerda harbiy xizmatchilar o‘z  nazariy bilimlarini harbiy qismning o‘zidayoq amaliyotda mustahkamlashga erishmoqda.

Chindan ham harbiy qismda o‘quv mashg‘ulotlariga jiddiy e’tibor qaratiladi. Xususan, harbiy xizmatchilar bilan turli yo‘nalishlar bo‘yicha, jumladan, aloqa tayyorgarligi, zirxli transport vositalariga operativ ravishda joylashish, guruh qurollarini qisqa vaqt ichida jangovar holatga keltirish, ommaviy qirg‘in qurollaridan himoyalanish, desant tayyorgarligi kabi o‘quv mashg‘ulotlari muntazam ravishda o‘tkazilib boriladi.

Harbiy qism komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari hamda harbiy psixolog tomonidan shaxsiy tarkib ishtirokida o‘tkazib kelinayotgan treninglar ham shular jumlasidan.

Darhaqiqat, harbiy qismda yaratilgan shart-sharoitlar, qolaversa, muntazam ravishda o‘tkazilib kelinadigan nazariy va amaliy mashg‘ulotlar natijasida yurt o‘g‘lonlarining  bilim va ko‘nikmalari, jangovar tayyorgarlik va jangovar shaylik darajasi yanada ortib bormoqda.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati