Janubda kuch tuzilmalari hamkorligida maxsus-taktik o‘quv o‘tkazilmoqda

0
1757

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi radiatsion kimyoviy biologik muhofaza bo‘linmalari hamda kuch tuzilmalari ishtirokida maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tmoqda.

O‘quvning dastlabki kunida yuqori qo‘mondonlik tomonidan kelib tushgan signalga bo‘yicha shaxsiy tarkib yuqori jangovar shaylikka keltirildi. Vatan posbonlari o‘zlariga biriktirlgan qurol-aslahalarni olib, harbiy texnikalarda belgilangan o‘quv joyiga yetib kelishdi.

Shundan so‘ng o‘quvga jalb qilingan radiatsion kimyoviy biologik muhofaza bo‘linmalari hamda hamkorlikdagi kuch tuzilmalar boshqaruv organlari harbiy xizmatchilari uchun ko‘rgazmali mashg‘ulotlar boshlandi.

– Aytish kerakki, har qanday mashqlarning asosiy maqsadi bo‘linmalar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni ta’minlash, ularning uyushqoqligi va jipsliligini mustahkamlashdan iborat, – deydi Janubiy operativ qo‘mondonlik radiotsion kimyoviy biologik muhofaza xizmati boshlig‘i mayor No‘monjon Berdiqulov. – Bu o‘z navbatida shaxsiy tarkibning tezkorligini oshirish hamda jangovar shaylikdan oqilona foydalanish imkonini beradi. Mazkur o‘quvda ham shaxsiy tarkibni, qurol-aslahalar hamda texnikalarni dizenfeksiya qilish va zararsizlantirish bo‘yicha harakatlar amaliy ko‘rib chiqildi.     

Milliy armiyamizning jangovar shayligini yanada oshirish, tayyorgarlik mashg‘ulotlarini bugungi kun talablari asosida tashkil etish eng muhim masala hisoblanadi. Umuman olganda mazkur hamkorlikdagi o‘quv davomida harbiy xizmatchilarimiz real vaziyatlarga yaqinlashtirilgan jang holatida harakatlanishning yangi uslublarini o‘zlashtirib, kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlamoqda.

III darajali serjant Akbar Ahmedov,
Termiz garnizoni