“Men ham qoʻmondon boʻlaman!”

0
1005

Mudofaa vazirligining Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismlarining birida Yunusobod tumanida joylashgan 122-umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻquvchilari ishtirokida “Men ham qoʻmondon boʻlaman” shiori ostida harbiy-vatanparvarlik tadbiri oʻtkazildi.
Dastlab ertamiz davomchilariga harbiy qismda yaratilgan shart-sharoitlar, harbiy xizmatchilarning kun tartibi, jismoniy mashqlarni bajarishda chidamlilik, chaqqonlik va irodaviy sifatlariga ega boʻlish lozimligi tushuntirib oʻtildi.

Tadbir davomida oʻquvchi yoshlar “Adiblar xiyoboni”da boʻlib, buyuk mutafakkir, yozuvchi va shoirlarning hayoti va ijodi, maʼnaviy merosi bilan tanishib, ularning kitobxonlar qalbidan joy olgan durdona asarlari haqida oʻzaro suhbatlashdi.

Navbatdagi manzil “Harbiy tarix muzey” boʻldi. U yerda oʻzbek davlatchilik tizimi, shakllanishi hamda buyuk bobokalonlarimizning qahramonliklari, jang sanʼati hamda qoʻshin boshqarish strategiyasi haqida tasavvurlarini boyitish bilan birga, mustaqillik yillarida mamlakatimiz hududiy yaxlitligini taʼminlashda jon fido etgan oʻgʻlonlarni xotirasini yod etishdi.

Shu kuni oʻquvchi yoshlar uchun zamonaviy qurol-aslahalar va harbiy tehnika koʻrigi, saf tayyorgarligidan amaliy mashgʻulot, “Qoʻmondon va yoshlar” uchrashuvlari ham tashkillashtirildi. Ular oʻrtasida mini futbol, arqon tortish, shaxmat-shashka, elektron trenajyor sinfda qurollardan nishonga oʻq otish boʻyicha bellashuvlar oʻtkazildi.

– Bugun biz juda ham xursandmiz. Bu yerda harbiy xizmatchilar uchun barcha sharoitlar, jumladan, sport bilan shugʻullanishlari uchun sport maydonchasi va fitnes zali, zamonaviy oshxona va yotoqxona, amaliy mashgʻulotlar olib borishlari uchun trenajyor sinflar, maʼnaviy ozuqa olishlari uchun adiblar xiyoboni, harbiy tarix muzeyi, yoshlar va nuroniylar bogʻlari mavjudligining guvohi boʻldik. Qoʻshinlar qoʻmondoni bilan boʻlib oʻtgan suhbat menda eng koʻp taassurot qoldirdi, kelajakda men ham albatta qoʻmondon boʻlaman, – deydi 7-sinf oʻquvchisi Arslonbek Amangeldiyev.

Yakunda faol oʻquvchi yoshlar va bellashuv gʻoliblariga qoʻshinlar qoʻmondonining esdalik sovgʻalari, badiiy va ilmiy kitoblar tantanali ravishda topshirildi.

Mayor Farruhbek SOTVOLDIYEV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti