Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari o‘rtasida targ‘ibot tadbirlari olib borildi

0
1195

Mudofaa vazirligi boshqaruv apparatining bir guruh mutaxassislari, Shimoli-g‘arbiy-harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi hamda Nukus tuman Oila va xotin qizlarni qo‘llab-quvvatlash qo‘mitasi hududiy bo‘linmasi xodimlari ishtirokida eng olis hududda joylashgan harbiy shaharchada “Menejment asoslari, oilaviy budjetni tasdiqlash hamda iqtisod yuritish” mavzusida master-klass soatlari va treninglar o‘tkazildi.

Hozirgi rivojlanish va yuksalish davrida ayollar nafaqat oila bekasi, balki turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda oila budjetiga hissa qo‘shayotgan ishbilarmon tadbirkorlar safidan o‘rin olmoqda. Harbiy xizmatchilarning oilalari ham bu borada tashabbus ko‘rsatib, turli yo‘nalishlarda o‘z tadbirkorlik faoliyatlarini yo‘lga qo‘yishyapti. Bu borada hukumatimiz tomonidan harbiy xizmatchilar oilalarining ijtimoiy himoyasi yo‘lida amalga oshirgan islohotlari, shu jumladan tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan oilalarga yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar xususida to‘xtalib o‘tish joizdir. Harbiy shaharchada bo‘lib o‘tgan tadbirdan ko‘zlangan maqsad ham ayollarni ishga jalb etish va o‘zida bor qobiliyatidan unumli foydalanishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Mudofaa vazirining bayonnomasiga ko‘ra, mazkur harbiy qismda faoliyat yuritayotgan “Bekajon” tikuvchilik sexi faoliyatini yanada takomillashtirish rejalashtirilmoqda.

– Harbiy xizmatchilarning oilasida tinchlik va hotirjamlik, iqtisodiy barqarorlik bo‘lsa, albatta oila boshlig‘i bo‘lmish yurt himoyachisining xizmatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, – deydi o‘z so‘zida Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilarning oilalari bilan ishlash bo‘yicha yetakchi mutaxassisi Qurolli Kuchlar xizmatchisi Zulfiya Mansurova. – Tikuvchilik sexi kelgusida namunaviy loyiha asosida me’yorlar talablariga muvofiq barpo etilishi, ko‘plab oilalarning iqtisodiy barqarorligini ta’minlashi mumkin. Natijada doimiy ish o‘rinlarini yaratish orqali harbiy xizmatchilar oila a’zolarining bandligini ta’minlashga erishish, ish hajmi hamda ishlab chiqarishga qaratilgan mahsulot turlarini kengaytirish hamda ishlab chiqarish imkoniyatini oshirilishiga erishiladi.

Shubhasiz, tikuvchilik sexini kengaytirish haqidagi yangilik harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini quvontirdi.

Shuningdek, targ‘ibot tadbirlari davomida harbiy oilalar muammolari ham o‘rganildi. Ular harbiy shaharchada patronaj tibbiy xizmat yo‘qligi va ba’zi hollarda tibbiy ko‘makka muhtoj bemorlar qiynalib qolayotganligini aytib, u yerda patronaj hamshira lavozimi joriy etilishi taklifini bildirishdi. Mazkur murojaat Nukus tumani Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining hududiy bo‘linmasi tomonidan o‘rganilib, joyida ijobiy hal etilishi bo‘yicha qaror qabul qildi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati