Navoiyda “Otam, onam va men sportchi oilamiz!” shiori ostida sport musobaqasi o‘tkazildi

0
1158

Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish ijtimoiy siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. Chunki aholi salomatligini mustahkamlash, yosh avlodni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash orqali jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish mumkin. Bundan tashqari sport turli kasalliklar, yoshlar o‘rtasidagi zararli odatlarning oldini olishda, shuningdek, yuksak madaniyat, Vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishda ham muhim o‘rin tutadi.

Markaziy harbiy okrugining Navoiy garnizonidagi harbiy qismda harbiy oilalar o‘rtasida  sog‘lom muhitni shakllantirish, ularning sportga bo‘lgan ishtiyoqlarini yanada oshirish maqsadida “Otam, onam va men sportchi oilamiz!” shiori ostida sport musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Unda ishtirokchilar “Estafeta”, “Arqon tortish”, “Savatga to‘p uloqtirish”, “Milliy o‘yin” kabi shiddatli sport o‘yinlarida bellashishdi. Jarayonlarga ko‘tarinkilik bag‘ishlash maqsadida harbiy orkestr jamoasi vatanparvarlik kuy-qo‘shiqlari bilan faol ishtirok etdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, ularga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shuningdek, sport o‘yinlarida ko‘rsatgan yuqori natijalari bilan mutlaq g‘olib deb topilgan harbiy oila “Qo‘mondonlik kubogi” sport musobaqasida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati