Markaziy harbiy okrugda eng ilg‘or harbiy psixologlar aniqlandi

0
961

Markaziy harbiy okrugda “Eng  ilg‘or harbiy psixolog” va “Ruhiy zo‘riqishlarni yechishning namunali xonasi” tanlovlarining  okrug bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda okrug hududida joylashgan barcha harbiy qism harbiy psixologlari ishtirok etishdi.

Tanlovning asosiy maqsadi harbiy psixologlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik va sog‘lom raqobat muhitini yaratish hamda tashabbuskor harbiy psixologlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ruhiy zo‘riqishlarni yechish xonalarini namunali tarzda tashkil etilishini rag‘batlantirishdan iboratdir.

Samarqand davlat chet tillar instituti Psixologiya kafedrasi katta o‘qituvchisi, Respublika psixologlar uyushmasi a’zosi M. Nurmatova, Samarqand davlat universiteti Sotsiologiya va ijtimoiy ish kafedrasi dotsenti G. Tagiyeva hamda Psixologiya nazariyasi va amaliyoti kafedrasi katta o‘qituvchisi M. Sulaymonovlar tanlovda hakamlar hay’ati sifatida ishtirok etib, harbiy psixologlarning bilimi va salohiyatini bosqichma-bosqich baholab borishdi.

Tanlov nizomida belgilanganidek, dastlab ishtirokchilar soha bo‘yicha berilgan savollarga munosib javob qaytarib, o‘zlarining bilim va tajribalarini sinovdan o‘tkazib olishdi. Shuningdek, harbiy psixologlar o‘z ish faoliyatlarini maxsus videoroliklar orqali namoyish qilib, sohaga doir hujjatlar va hisobotlarini taqdim etishdi. Bundan tashqari, hakamlar tomonidan tanlovning respublika bosqichida ishtirok etishga munosib bo‘lgan harbiy psixologni aniqlab olish maqsadida ishtirokchilarga qo‘shimcha savollar ham berildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, ularga okrug qo‘mondonligi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati