Angren garnizonida joylashgan harbiy qismning jangovar shayligi sinovdan o‘tkazildi

0
1939

Toshkent harbiy okrugiga qarashli Angren garnizonida joylashgan harbiy qismda  qo‘shinlarning jangovar tayyorgarligini har tomonlama tekshirish maqsadida o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.

Mashg‘ulotlar dastlab harbiy qism shaxsiy tarkibining “Trevoga” signali asosida harakatlanishi, qo‘riqlashni kuchaytirilgan rejimga o‘tkazish amaliyotlari bilan boshlandi. Shu tariqa harbiy qism yuqori jangovar shaylikka keltirildi va barcha shaxsiy tarkib o‘ziga belgilangan joylar bo‘yicha qo‘riqlovni amalga oshirdi.

Shuningdek, saf ko‘rigi orqali shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchilar, serjantlar va ofitserlar tarkibining hujjatlari, safar xaltasi, qurol-aslaha va anjomlari tekshirildi.

Harbiy qism shaxsiy tarkibining jangovar shayligi bo‘yicha o‘tkazilayotgan nazorat sinovlarining amaliy jarayonlari esa “Angren” tog‘ poligonida kechdi. Sinov mashg‘ulotlari okrug qo‘mondonligining ma’sul ofitserlari tomonidan kuzatib borildi.

Amaliy mashg‘ulotlar davomida harbiy xizmatchilar o‘zlariga biriktirilgan PM-9 pistoleti hamda AK-74 avtomatidan kunduzgi va tungi o‘q otish mashqlarini bajardi. Shuningdek, mexanik haydovchilar ham kunduzgi va tungi mashg‘ulotlarda ishtirok etib, o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi.

Angren garnizoniga qarashli harbiy qismda olib borilgan mazkur o‘quv mashg‘uloti yurt posbonlarining jangovar tayyorgarligini har tomonlama oshirib, komandirlik boshqaruvi va favqulodda holatlarda to‘g‘ri va aniq harakatlanish ko‘nikmalarini mustahkamladi.

Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati