Harbiylar tosh koʻtarishda bellashishdi

0
833

Nukus garnizoni markaziy sport majmuasida harbiy xizmatchilar oʻrtasida tosh koʻtarish boʻyicha Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug chempionati boʻlib oʻtdi.

Sakkizta vazn toifasida kontrakt boʻyicha serjant va ofitserlarlar qatori ushbu musobaqada yigitlik burchini oʻtash uchun kelgan muddatli harbiy xizmatchilar ham qatnashib, kuchli raqobat muhitini taʼminlashdi.24 kg vazndagi toshlarni siltab va dast koʻtarishda harbiy xizmatchilar yangi-yangi rekord natijalar qayd etishga harakat qilishdi. Shiddatli va murosasiz bahslar eng kuchli ishtirokchilarni aniqlashni qiyinlashtirdi.

Taʼkidlash joizki, harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligini yuksaltirish, jismonan chiniqtirish, irodasini toblash hamda ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etish maqsadida anʼanaviy oʻtkazib kelinayotgan tosh koʻtarish musobaqasi uch bosqichda tashkil etilib, harbiy xizmatchilar oʻrtasida birinchi saralash bosqichi harbiy qism va muassasalarda boʻlib oʻtadi. Ikkinchi bosqich harbiy okrug miqyosida hamda yakuniy, final bahslar Mudofaa vazirligi miqyosida oʻtkaziladi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug miqyosida oʻtgan bahslarda 200 nafardan ziyod eng sara pahlavonlar oʻzaro kuch sinashib, gʻoliblik sari shiddatli bahslarda ishtirok etdi.

Musobaqaning yopilish marosimida soʻzga chiqqan Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov jismoniy tayyorgarlik jangovar tayyorgarlikning asosini tashkil etishi, sport orqali bugun mamlakatimiz jahon hamjamiyatida oʻz nufuzini yuksaltirib kelayotganini eʼtirof etdi. Saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan oʻgʻlonlardan final bahslarida gʻalab kutib qolishiga ishonch bildirdi.Yakuniy natijalarni qayd etishda ishtirokchilarning mahorati va jismoniy kuchi oʻz soʻzini aytdi. Gʻolib va sovrindorlar kubok, medal, diplom va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

Endilikda sakkizta vazn toifasida birinchilikni qoʻlga kiritgan oʻgʻlonlar shu yilning noyabr oyida Mudofaa vazirligi qoʻshinlari oʻrtasida oʻtkaziladigan final bahslarida harbiy okrug sharafini himoya qiladi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati