Harbiy xizmatchilarning amaliy bilim va ko‘nikmalari mustahkamlandi — Andijon garnizoni

578

Ona Vatan tinchligi va osoyishtaligini asrash – er yigit uchun sharaf, muqaddas burch. Binobarin, Qurolli Kuchlar saflarida ana shunday mard va jasur o‘g‘lonlar o‘z yigitlik burchini sidqidildan ado etmoqda.

Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari Vatan himoyachilarining kundalik faoliyati hisoblanadi, yangi bilimlarni o‘zlashtirish yurt posbonlarining asosiy maqsadlaridan biridir. Andijon garnizonidagi harbiy qismlarning birida o‘tkazilgan o‘quv jangovar mashg‘ulotida harbiy xizmatchilarning amaliy bilim va ko‘nikmalari mustahkamlandi.

Bu jasur o‘g‘lonlarning hamkorlikdagi harakat va imkoniyat darajasini jipslashtiradi, ularga jangovar ruh beradi. So‘ng zirhli texnikalar kolonnasi dala-o‘quv maydoni tomon yo‘l oldi. Tog‘ yon bag‘irlarida harakatlanish harbiylardan katta kuch talab etadi. Mashg‘ulot ishtirokchilari tog‘ tizmalaridagi har bir o‘simlik, har qanday qoya toshlarini e’tibordan qochirmaydi.

Mashg‘ulot rejasidan nafaqat jamoaviy harakatlanish, balki qoya­dan yaradorlarni evakuatsiya qilish ham o‘rin olgan. Harakat chog‘ida dov­yurak o‘g‘lonlar o‘ziga qulay qoyada istehkomlarni egallab, belgilangan pozitsiyalarni portlatib, ko‘rsatilgan nishonlarni yakson etdi.

Zamonaviy jang taktikasi bo‘linmalarni takomillashtirilgan o‘quv amaliyotlarida chiniqtirish, professionallik darajasini yuqori ko‘tarishga undamoqda. Yurt posbonlari o‘q otar qurollardan innovatsion usullardan foydalangani jangovar salohiyatni oshirishda qo‘l kelmoqda. Guruh shaxsiy tarkibi jang maydonida kichik guruhlarga bo‘linib, real jang sharoitlariga yaqinlashtirilgan holda kasbiy malakalarini oshirishdi.

Guruh jangovar vazifalarini bajarishda merganlarning to‘g‘ri va aniq harakati asosiy rol o‘ynaydi. Guruhning shartli jang maydonidan talafotsiz chiqib ketishini ta’minlash, turli o‘q otish istehkomlarini tanlash hamda juda sinchkovlik bilan harakatlanish uchun merganlar shaharchasida barcha qulayliklar yaratilgan. Jumladan, daraxtga joylashib o‘q uzish, tebranib turuvchi jismlar va tomlardan o‘q uzish amaliyoti merganlar malakasini va tajribasini boyitadi.

Bo‘linmalarga qo‘yilgan jangovar topshiriqlarni to‘liq bajarib, g‘alabaga erishish, guruh qurollardan mohirona foydalanishda hisob komandirlari guruh komandirlari bilan bir xil javobgar ekanligi ularni yanada hushyor bo‘lishga undaydi. Zirhli texnikalari yopiq istehkomlarni yakson qilish uchun barcha guruh quroli hisoblaridan yuksak intellektual mahorat talab qilinadi.

«Andijon» dala-o‘quv maydonida guruh qurollaridan amaliy o‘q otish mashg‘ulotida turli usullardan foydalanildi. Tashlandiq binolar yer osti yo‘laklari tunellarga joylashib olgan shartli dushman pistirmalariga qarshi jang olib borish guruh shaxsiy tarkibidan yuqori jangovar malaka talab etadi. Mazkur dala-o‘quv maydonida ko‘rinishi qiyin bo‘lgan maxsus yo‘laklardan foydalanish guruh mutaxassislaridan jipslashib harakatlanishni taqozo etadi hamda o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirishda juda qo‘l keladi. Bunda asosiy e’tibor tungi ko‘rish moslamalaridan to‘g‘ri foydalanishga qaratiladi. Vatan posbonlari ko‘rinishi qiyin bo‘lgan nishonlarni ham zamonaviy moslamalar yordamida yakson qildi. Muxtasar aytganda, mashg‘ulot sinovlarida ularning kasbiy mahorati yuksaldi.

Vatanparvarlik ruhi yuragida jo bo‘lgan matonatli yurt posbonlari bor ekan, sarhadlarimiz tinch, xalqimiz omon, osmonimiz musaffo bo‘laveradi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati