Markaziy harbiy okrugiga qarashli garnizonlarda keng qamrovli madaniy hordiq tadbirlari o‘tkazildi

527

Dam olish kunlari munosabati bilan Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlar ishchi xizmatchilari uchun bir qator sport o‘yinlari, festivallar, konsert dasturlari hamda ko‘plab madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil qilindi.

Xususan, ana shunday tadbirlar Markaziy harbiy okrugiga qarashli harbiy qismlarda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ishtirokida keng qamrovda o‘tkazildi.

Navoiy garnizoni. Harbiy xizmatchilarning dam olish kunlari okrug qo‘mondonligi boshchiligida tashkil etildi. Unda kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar va muddatli harbiy xizmatchilar o‘rtasida harbiy estafeta, stol tennisi, voleybol, basketbol musobaqalari o‘tkazildi. Musobaqalar davomida yuqori natijalarni ko‘rsatgan harbiy xizmatchilar okrug qo‘mondonligi tomonidan munosib taqdirlandi.

Kunning ikkinchi yarmida esa harbiy xizmatchilarning zukkoligini tekshirish, badiiy-havaskorlik layoqati hamda aktyorlik mahoratini sinovdan o‘tkazish maqsadida “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.

Samarqand garnizoni. Harbiy xizmatchilar uchun ko‘xna va navqiron Samarqand shahrining tarixiy obidalarini ziyorat qilish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, harbiy qismlarda Kattaqo‘rg‘on drama teatri aktyorlari tomonidan “Advokat bo‘lish osonmi?” spektaklining ko‘plab seanslari namoyish etildi.

Jizzax garnizoni. Harbiy xizmatchilar uchun harbiy orkestr jamoalari ishtirokida gala-konsert dasturlari namoyish etildi. Unda yurt o‘g‘lonlari bir-biridan ajoyib kuy-qo‘shiqlardan bahramand bo‘lib, maroqli dam olishdi.

Kattaqo‘rg‘on garnizoni. Harbiy xizmatchilar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va o‘zaro do‘stona muhitni shakllantirish maqsadida harbiy estafeta, futbol, shaxmat-shashka va tosh ko‘tarish musobaqalari o‘tkazildi.

Umuman olganda harbiy xizmatchilarning madaniy hordiq olishlarini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan ushbu tadbirlar Vatan himoyachilarining jangovar ruhiyatini ko‘tarib, xizmat faoliyatini yanada sadoqat bilan olib borishlarida ularga kuch-quvvat bag‘ishlaydi.  

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati