Ezgu ishlarda harbiy xizmatchilar faol

0
879

Barchamizga ma’lumki,  azaldan ota-bobolarimizdan bizgacha meros bo‘lib qolgan betakror urf-odatlarimiz, xususan, keksalarga hurmat va g‘amxo‘rlik, yolg‘iz oilalarga muruvvat ko‘rsatish kabi ezgu amallar bugungi kunga qadar yosh avlodni tarbiyalashda asosiy o‘rin egallab kelmoqda.

Jumladan, muborak Qurbon hayiti xalqimizga xos bo‘lgan insonparvarlik, mehr-oqibat, saxovat va o‘zaro hamjihatlik hamda milliy qadriyatlarimizni ulug‘lashi bilan bir qatorda ezgulik bayrami sifatida ham keng nishonlanib kelinadi.

Bu kabi xayrli amallarga milliy armiyamiz saflarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarimiz ham munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Kuni kecha Buxoro garnizonida joylashgan  harbiy qism harbiy xizmatchilari  tomonidan Buxoro tumanidagi “Yangi turmush”, “Madaniyat”, “Rabot” va “Zarmanoq” MFYlardagi kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj  fuqarolarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatib, ularning holidan xabar olib qaytishdi.

Shuningdek, harbiy xizmatchilar Buxoro shahridagi nogironligi bor mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga mehr qo‘llarini uzatib, jajji bolajonlarni sovg‘a-salomlar bilan xursand qilishdi.

Harbiy xizmatchilarimizning bu kabi tashriflaridan mamnun bo‘lgan yurtdoshlarimiz qo‘llarini duoga ochib, yurt o‘g‘lonlariga uzoq umr tiladi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati