Qashqadaryoda “Yosh vatanparvarlar yig‘ini” yakunlandi

0
1069

Avval xabar berganimizdek, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi tashabbusi bilan ichki ishlar bo‘limlarida profilaktik hisobda turuvchi voyaga yetmagan yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada yaxshilash maqsadida okrug tasarrufidagi Nuriston garnizonida joylashgan harbiy qismda 10 kunlik “Yosh vatanparvarlar yig‘ini” tashkil etilgan edi.

Bugun, 7-iyul kuni yig‘in yakuni sifatida viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Yo‘ldoshev, okrug qo‘shinlari qomondoni general-mayor Zaynobiddin Iminov, Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek Noraliyev, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi raisi Abror Ahmedov hamda Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Temur Poyonovlar ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil qilindi.

Tadbirda okrug qo‘shinlari qo‘mondoni yig‘in ishtirokchilarini tabriklar ekan, shu vaqtgacha egallagan mustahkam intizomi, metin iroda va shijoatlari ularni oldindagi ulkan maqsadlari sari dadil qadam bosishi uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.

Samimiy suhbatlarda yoshlar ham faollik ko‘rsatib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga birin-ketin javob oldilar. Ayniqsa, yigitarning harbiy xizmatchi bo‘lish uchun bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida berayotgan savollaridan bilish mumkinki, yig‘in maqsadlariga qaysidir ma’noda erishildi.

Tadbirda yoshlarning ota-onalari ham ishtirok etdi. Ular farzandlarini harbiy kiyimlarda ko‘rib turganidan mamnun ekanini bildirib, yig‘in tashkilotchilariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Darhaqiqat, o‘n kun davomida yig‘in ishtirokchilari sport o‘yinlari, ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik, IT-texnologiyalari va tadbirkorlik yo‘nalishi bo‘yicha mashg‘ulotlarda ishtirok etib, ko‘plab madaniy tadbirlar, konsert dasturlarida hordiq chiqarishdi.

Yig‘in so‘ngida tengdoshlaridan har tomonlama ajralib turgan, tadbirlarda o‘z qobiliyatini namoyon etib, faol ishtirok etgan, shuningdek, harbiy qismda tashkil qilingan musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yoshlarga okrug qo‘mondonligi va hamkor tashkilotlar tomonidan diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Harbiy xizmat – er yigitlik maktabi. Vatan himoyasi yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilayotgan o‘g‘lonlar esa yig‘in qatnashchilari uchun matonat yo‘lida o‘rnak bo‘ldi. Egniga harbiy libos kiygan o‘g‘lonlarning ko‘zidagi quvonch va o‘ziga bo‘lgan ishonchni kuzatib, yig‘in mohiyatini teranroq anglash mumkin.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati