Nukus garnizonida eng ilgʻor hamshiralar bellashdi

271

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida har yili oʻtkazilib kelinayotgan “Eng ilgʻor hamshira” koʻrik-tanlovining Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug bosqichi oʻtkazildi.

Oq xalatdagi malikalar bahsida harbiy qism va muassasalardan jami olti nafar hamshira katta sahnada oʻzaro bellashdi. Tanlovning birinchi “Tanishtiruv” shartida hamshiralar oʻzlari hamda faoliyat yuritayotgan harbiy tibbiyot muassasalari haqida musiqiy, sheʼriy chiqishlar bilan qatnashib, topshiriqlarni aʼlo darajada bajarishga harakat qilishdi.

“Savol-javob” deb atalgan ikkinchi shartda esa kasbiy hamda ijtimoiy-siyosiy mavzudagi 20 ta test savollariga 20 daqiqa vaqt oraligʻida javob berishga toʻgʻri keldi.

Koʻrik-tanlov davomida ishtirokchilar maxsus tayyorgarlik boʻyicha nazariy va amaliy koʻnikmalarini namoyish etib, shartli bemorning shikoyati, tashqi koʻrinishi, laborator tekshiruvlarni oʻqib, ularga asoslangan holda turini aniqlashi va taxminiy tashxis qoʻyib, bemorga birinchi tibbiy koʻrsata olish qobiliyati sinovdan oʻtdi. Shuningdek, uchinchi shartda hamshiralarning infeksiya oʻchogʻida amalga oshiriladigan sanitar-gigiyenik hamda epidemiyaga qarshi va profilaktik tadbirlarni oʻtkazish boʻyicha bilimlari tekshirildi.

Yaradorlarga shoshilinch tez tibbiy yordam koʻrsatish shartida latofatli hamshiralar zimmasidagi vazifani ekstremal vaziyatlarda bajara olishi, favqulodda holatlarda birinchi tibbiy yordam koʻrsatish koʻnikmasini namoyish etishdi.

Ijodiy mavzuni qamrab olgan soʻnggi shartda esa ishtirokchilar goh Navoiyning gʻazallarini yod aytishsa, goh Toʻmaris obrazida gavdalanib, hayʼat aʼzolarining ham hayratini oshirdi.

Tanlov qizgʻin kurash maydoniga aylandi. Ishtirokchilar orasida yuqori ballni qoʻlga kiritgan hamshiralardan faxrli 1-oʻrin Baxtigul Begimovaga nasib qildi va u navbatdagi, final bosqichga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

Taʼkidlab oʻtish joiz, “Eng ilgʻor hamshira” koʻrik-tanlovining Mudofaa vazirligi bosqichi birinchi marta Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida, 28-29-oktyabr kunlari oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati