Qashqadaryoda “Yosh vatanparvarlar yig‘ini” yuqori saviyada davom etmoqda

0
881

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Nuriston qo‘rg‘onida joylashgan harbiy qismda tashkil etilgan “Yosh vatanparvarlar yig‘ini” qizg‘in davom etmoqda. Yig‘inning to‘rtinchi kunida Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi, Yoshlar ishlari agentligi viloyati boshqarmasi boshliqlari bir guruh blogerlar hamrohligida harbiy qismga tashrif buyurishdi.

Mehmonlar yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishar ekan, harbiy qism imkoniyatlariga yuqori baho berdi. Shundan so‘ng yoshlar yetakchilari yig‘in qatnashchilari bilan uchrashib, turli mavzularda samimiy suhbatga kirishdi, yoshlarning qiziqish va intilishlariga qiziqdi.

Jumladan, uchrashuv davomida Qarshi davlat universiteti dotsenti G‘ulom Karomov yoshlarga buyuk bobokalonlarimizning shonli tarixi borasida qimmatli ma’lumotlar berib o‘tdi.  Darhaqiqat, porloq kelajakka tamal toshini qo‘yish tarixni o‘rganishdan boshlanadi.

Kun davomida yig‘in ishtirokchilari va harbiy xizmatchilar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil qilindi. Tarix, madaniyat, san’at va adabiyot kabi turli yo‘nalishlarda tushayotgan savollarga ertamiz egalarini dadillik bilan javob berib, bilimli va zukko ekanligini isbotlashga harakat qilishdi. 

“Yosh vatanparvarlar yig‘ini” ana shunday yuqori saviyada davom etmoqda.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati