Navoiy garnizonidagi harbiy qismda jamoatchilik vakillari uchun ochiq eshiklar kuni o‘tkazildi

0
1068

Markaziy harbiy okrugiga qarashli Navoiy garnizonidagi harbiy qismda Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi boshchiligida Navoiy viloyatining Karmana va Xatirchi tumanidagi 110 nafar mahalla fuqarolar yig‘ini raislari uchun “Ochik eshiklar kuni” tashkil etildi.

Dastavval mehmonlar hamda harbiy qism shaxsiy tarkibi ishtirokida “Mahalla yoshlarini harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi muhim vazifalar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda mahalla yoshlarini milliy armiyamiz saflarida xizmat qilishga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, vatanparvar va teran fikrlovchi yoshlarni tarbiyalash uchun hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar rejasi ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, yig‘ilish davomida mahalla yoshlari, nuroniylar, MFY raislari hamda profilaktika inspektorlari ishtirokida harbiy qismlarga tashriflar, uch avlod uchrashuvlari, turli sport o‘yinlari kabi tadbirlarni tashkil qilish borasidagi tashkiliy masalalar kelishib olindi.

Shundan so‘ng mehmonlar harbiy qismda yaratilgan shart-sharoitlar va harbiy xizmatchilarga berilayotgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi. Harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi, harbiy xizmatchilarning qo‘l jangi chiqishlari hamda konsert dasturlari shular jumlasidan.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati