Harbiy xizmatchilar maktab o‘quvchilari uchun katta tennis korti qurib berdi

0
1114

Mudofaa vazirligi tasarrufidagi Toshkent shahrida joylashgan harbiy qism tashabbusi bilan Yunusobod tumanidagi 122-sonli umumta’lim maktabida katta tennis majmuasi qurilib, foydalanishga topshirildi.

Majmuaning ochilish marosimida qo‘shinlar qo‘mondoni polkovnik Jur’at Yaqubov, O‘zbekiston tennis federatsiyasi bosh kotibi Iroda To‘laganova, Alisher Navoiy nomidagi Katta teatr solisti Ma’suma Baltabayeva, maktab ma’muriyati va o‘quvchilar ishtirok etdi.

Qo‘shinlar qo‘mondoni tantanali tadbirni kirish so‘zi bilan ochib berar ekan, ushbu katta tennis majmuasini qurib bitkazishda harbiy qism shaxsiy tarkibining mehnatlari hamda harbiy qism rahbariyatining jonkuyarligini alohida e’tirof etdi.

Shuningdek, tadbir davomida ta’lim muassasasida Turon qoploni Jaloliddin Manguberdi va buyuk sarkarda Amir Temur harbiy-vatanparvarlik sinflari, tikuvchilik to‘garaklari xonasi, futbol maydoni ham harbiy xizmatchilar tomonidan qurib bitkazilayotgani, tez kunda mazkur obektlar o‘quvchilar ixtiyoriga topshirilishi ma’lum qilindi. 

Tadbirning badiiy qismida Alisher Navoiy nomidagi Katta teatr solisti Ma’suma Baltabayeva tomonidan opera yo‘nalishida kuylangan qo‘shiqlar marosim ishtirokchilariga xushkayfiyat ulashdi.

Shundan so‘ng mehmonlar bilan tennis majmuasini ko‘zdan kechirgan Iroda To‘laganova katta tennis sporti bo‘yicha ertamiz egalariga amaliy mahorat darslarini o‘tib, o‘zining boy tajribasini o‘quvchilar bilan bo‘lishdi.  

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti