Qo‘l jangi bo‘yicha Mudofaa vazirligi ochiq chempionati g‘olib va sovrindorlari aniqlandi

0
1763

Avval xabar berganimizdek, qo‘l jangi bo‘yicha Mudofaa vazirligi qo‘shinlari o‘rtasida ochiq chempionatning 2021-yilgi g‘olib va sovrindorlari aniqlandi.

Musobaqa uch kun davom etib, 14 jamoaning 300 ga yaqin sportchisi sakkizta vazn toifasida Jahon Kubogi yo‘llanmasi uchun kurash olib borishdi. O‘tkazilgan janglar natijasiga ko‘ra kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar F.To‘xtasinov (60 kg, Sharqiy harbiy okrug), kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar M.Muzaffarov (65 kg, Sharqiy harbiy okrug), kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar X.Ro‘ziyev (70 kg, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug), kichik serjant B.Anvarjonov (75 kg, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug), kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar O.Qodirov (80 kg, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug), katta leytenant U.Madaminov (85 kg, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug), kichik serjant A.Abduhakimov (90 kg, Sharqiy harbiy okrug) va kichik serjant U.Karimov (+95 kg, Markaziy harbiy okrug) o‘z vazn toifalarida shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.

Murosasiz va shiddatli kurashlarga boy bo‘lgan musobaqa g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan ta’sis etilgan diplom, kubok va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Jamoaviy hisobda 1-o‘rin Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugga nasib etgan bo‘lsa, Sharqiy harbiy okrug va Markaziy harbiy okrug vakillari mos ravishda sovrindorlar qatorini to‘ldirishdi.

Ma’lumki, noyabr oyida Moskvada qo‘l jangi bo‘yicha Jahon Kubogi bahslari bo‘lib o‘tadi. Mudofaa vazirligi qo‘shinlari o‘rtasida ochiq chempionat g‘olibi bo‘lgan sakkiz nafar harbiy xizmatchi ana shu nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi safida mamlakatimiz sharafini himoya etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti