Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlarida ham harbiy qismlar tashkil etilgan kun tantanali nishonlandi

0
1581

Bugungi kunda milliy armiyamiz saflarida xizmat qilayotgan yurt posbonlari uchun harbiy qism va muassasalarda barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan, jangovar va ma’naviy ma’rifiy tayyorgarlik mashg‘ulotlarining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha harbiy qism bazalarida o‘quv nuqtalari hamda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilishi uchun yetarlicha qulayliklar mavjud.

Kuni kecha ana shunday zamon talablariga javob beradigan, har jihatdan bosqichma-bosqich rivojlanib borayotgan Sharqiy harbiy okrug tasarrufidagi harbiy qismlarda bayram tantanalari o‘tkazildi.

Xususan, okrugga qarashli Farg‘ona, Andijon va Namangan garnizonlaridagi harbiy qismlarning tashkil etilgan sanasi bir vaqtning o‘zida munosib nishonlandi. Tantanali tadbirlarda Mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Alisher Norboyev, Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, garnizon boshliqlari, joylardagi shahar va tuman hokimligi mutasaddilari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Dastavval Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan o‘g‘lonlar xotirlanib, ularning harbiy qismda tashkil etilgan Xotira xiyobonidagi monumenti poyiga gulchambarlar qo‘yildi. Marosimda so‘z olganlar bugungi tinch va osoyishta kunlarimizda mana shunday mard va jasur vatan posbonlarining hissasi biqiyos ekanini ta’kidlashdi.

Shundan so‘ng sana munosobati bilan mudofaa vaziri va okrug qo‘shinlari qo‘mondonining tegishli buyrug‘iga ko‘ra bir guruh harbiy xizmatchilar va sohada o‘zoq muddat xizmat qilgan Qurolli Kuchlar faxriylari ko‘krak nishonlari, qimmatbaho sovg‘a va navbatdagi harbiy unvonlar bilan taqdirlandi.

Tantanali tadbirlarning badiiy qismida xushovoz xonandalar tomonidan konsert dasturlari namoyish etildi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati