Farg‘onada “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi

465

Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari Farg‘ona garnizonidagi harbiy qismda muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchi yoshlar, Qurolli Kuchlar faxriylari va harbiy xizmatchilar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.

Tadbir avvalida Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Shuhratjon Abdullayev so‘zga chiqib, bugungi kunda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun beqiyos imkoniyatlar yaratilayotgani, ulardan o‘z o‘rnida oqilona foydalanib, ertangi kunga ishonch bilan harakat qilish kerakligini alohida ta’kidladi. Yoshlarga bo‘lgan bunday yuksak e’tibor kelgusida Vatanimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qiladigan yetuk kadrlarni yitishib chiqishida muhim ahamiyat kasb etishiga ishonch bildirdi.

Uchrashuvda Sharqiy harbiy okrug Faxriylar kengashi raisi o‘zining bosib o‘tgan hayot yo‘li, harbiy xizmat davomida erishgan yutuqlari haqida gapirar ekan, bugun buyuk kelajak bunyodkorlariga, ya’ni yoshlarga zarur imkoniyatlar yaratish Vatan taraqqiyotiga qo‘shilgan munosib hissa ekanini e’tirof etdi.

Tadbir davomida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilishi borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan bir qator ma’lumotlar berib o‘tildi.

Uch avlod vakillari ishtirok etgan tadbirda faol qatnashgan yoshlar okrug qo‘mondonligi va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Farg‘ona viloyat kengashining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati