Qashqadaryoda “Yosh vatanparvarlar yig‘ini”ga start berildi

0
860

Qarshi shahridagi Yoshlar markazida Qashqadaryo viloyat hokimligi, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi, Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi hamda qator tashkilotlar hamkorligida ishchi guruhning kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda asosiy e’tibor ichki ishlar bo‘limlarida profilaktik hisobda turuvchi voyaga yetmagan yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida amalga oshiriladigan tadbirlar samaradorligiga qaratildi.

Harbiy xizmat – er yigitlik maktabi. Shunday ekan Vatan himoyasi yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilayotgan o‘g‘lonlar barcha yoshlar uchun matonat yo‘lida o‘rnak bo‘ladi, desak xato bo‘lmaydi. Ayni shu jihatlar inobatga olingan holda uchrashuv doirasida “Yosh vatanparvarlar yig‘ini”ni munosib tashkil etish masalalariga alohida to‘xtalindi.

Xususan, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Nuriston qo‘rg‘onida joylashgan harbiy qism hududida harbiy sog‘lomlashtirish oromgohini tashkil etish borasidagi ishlar o‘zaro kelishib olindi. 10 kun davom etishi ko‘zda tutilgan yig‘inning sermazmun o‘tishida okrug qo‘mondonligi va harbiy qism harbiy xizmatchilari bor imkoniyatlarini ishga solishini alohida ta’kidlashdi.

Bundan tashqari, tadbirda “Yosh vatanparvarlar yig‘ini” rejasiga asosan harbiy qism hududida turli sport musobaqalari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish masalalari hamkor tashkilotlar vakillari bilan o‘zaro muhokama qilindi.

Bugun, 1-iyul kuni 100 nafar uyushmagan hamda profilaktik hisobda turuvchi qashqadaryolik voyaga yetmagan yoshlar uchun zamon talablariga javob beradigan, barcha shart-sharoitlarga ega bo‘lgan harbiy qism eshiklari ochildi.

Dastavval yoshlar harbiy qism tibbiyot punktida malakali harbiy shifokorlar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Yig‘in ishtirokchilarining jismoniy va ruhiy salomatligi tekshirilib, ularga harbiy liboslar tarqatildi.

Darhaqiqat, egnida harbiy libos bilan saf tortgan o‘g‘lonlarning ko‘zidagi quvonch va o‘ziga bo‘lgan ishonchni kuzatib, yig‘in mohiyatini teranroq anglash mumkin. Birinchi kundan harbiy qiism oshxonasida “askarcha tushlik” tanavvul qilib, harbiy xizmatchilar bilan suhbatlashayotgan yoshlarning sohaga qiziqishi yanada ortgan bo‘lsa ajabmas.

O‘n kun davomida yig‘in ishtirokchilarini jangovar, sport o‘yinlari, ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik, IT-texnologiyalari va tadbirkorlik yo‘nalishi bo‘yicha mashg‘ulotlar, shuningdek, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, konsert dasturlari kutib turibdi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbot xizmati