Kursantlar jangovar mashinalarda suvli toʻsiqlardan oʻtishdi

0
908

Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtining dala oʻquv maydonida 1 va 2-bosqich kursantlari “Jangovar mashinalarni haydash” fanidan suvli toʻsiqlardan oʻtish boʻyicha amaliy mashgʻulotlarni bajarishdi.

Dala oʻquv maydonida kursantlarning mashqlarni yuksak saviyada bajarishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilib, tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Mashgʻulot joyida, suvli toʻsiqlardan oʻtishdan avval kursantlarning nazariy salohiyati hisobga olinib, mashgʻulot rahbari tomonidan oʻtkaziladigan amaliyotning nazariy jihatlari haqida koʻrsatmalar berildi.

Shundan soʻng, kursantlar suvli toʻsiqlardan oʻtish mashqini bajarishda zirhli texnikalarni boshqarish boʻyicha qanchalar mahorat va bilimlarga ega ekanliklarini amalda namoyon etishdi. Ayniqsa, keskin burilishlarda faqat va faqat ishonch bilan muvaffaqiyat sari olgʻa intilishga harakat qilishdi.

Muhimi, kursantlar amaliy mashgʻulotlarda Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtining shonli anʼanasini davom ettirib, Vatan himoyasi yoʻlida barcha topshiriqlarni bajarishga tayyor ekanliklarini, malaka va mahoratda hech kimdan qolishmasliklarini amalda isbotlashdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti