Harbiy gospital tarixida ilk bor murakkab urologiya jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi

0
926

Mamlakatimizda shifo maskanlarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, sogʻliqni saqlash tizimida koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifati ham yildan-yilga takomillashib bormoqda. Bu jarayonlar harbiy tibbiyotda ham oʻz aksini topmoqda. Markaziy harbiy klinik gospital tarixida ilk bor Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining yuqori malakali mutaxassislari bilan hamkorlikda “Laparoskopik ureterotsistoneoanastamoz ureterolitotomia” jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi.

Ureterolitoekstraksiya – siydik nayi toshini olib tashlash, ureterotsistoneoanastamoz – siydik nayi torrayish joyini kesib olib tashlash, kesilgan nay siydik qopiga tikish demakdir.

Gospitalda ilk bor oʻtkazilgan mazkur jarrohlik amaliyoti dunyoda eng keng tarmoqda rivojlangan va hozirgi kunda kam zararligi, yuqori natijaligi bilan maʼqul kelgan usullardan biri. Yaʼni, laparoskopik yoʻl bilan siydik nayini toraygan qismini qayta ulash operatsiyasi bilan bir vaqtda shu yerda paydo boʻlgan toshni olib tashlash amaliyoti ham oʻtkaziladi. Germaniya va Yaponiyada ishlab chiqarilgan uskunalar bilan amalga oshiriladigan ushbu operatsiyada badanga katta jarohat yetkazilmaydi, yaʼni kichik mikro teshiklar orqali bajarilish afzalligi bilan ajralib turadi. Bemor ertasi kuni oʻrnidan turib yurishi mumkin, 3-4 kundan soʻng butkul sogʻaygan boʻladi. Sohada izlanishlar olib borish uchun yuzaga kelgan qulay muhit bugun har qanday turdagi kasallik bilan bogʻliq noyob operatsiyalarni oʻzimizda oʻtkazish imkonini yaratdi.

Sohada olib borilayotgan bu kabi chora-tadbirlar harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishda hamda zarur boʻlsa fuqarolarimizning salomatligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti