“Oq xalatdagi farishtalar” bahsi

0
902

Markaziy harbiy okrugning Samarqand harbiy gospitalida “Eng ilgʻor hamshira” koʻrik tanlovining okrug bosqichi oʻtkazildi.

Unda 10 nafar hamshiralar beshta shart – “tanishtiruv”, “amaliy koʻnikma”, “vaziyatli masala”, “savol-javob” hamda “erkin mavzu” boʻyicha oʻzaro bellashishdi.

Hamshiralik ishi keng qamrovli jarayon boʻlib, tibbiyotning biror yoʻnalishini bu mutaxassis faoliyatisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Ayniqsa, shoshilinch tibbiy xizmat, reanimatsiya, operatsiya boʻlimlarida malakali hamshiraning bilim, mahorati, tajribasi, oʻz kasbiga sadoqati bemorni sogʻlom hayotga qaytarishda muhim omil boʻladi.

Mudofaa vazirligi miqyosida oʻtkazilayotgan ushbu koʻrik tanlov ham ushbu “oq xalatdagi farishtalar”ning ham bilim va koʻnikmalarini mustahkamlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Oʻtkazilgan okrug bosqichida har bir hamshira tibbiyot sohasining yetuk vakilasi ekani shartlar davomida koʻrsatgan mahorati va iqtidorida namoyon boʻldi.

Koʻrik tanlov shartlari Samarqand viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi hamda harbiy gospitalning koʻp yillik tajriba ega shifokorlari tomonidan munosib baholandi va gʻolib sifatida topilgan hamshiraga respublika bosqichida ishtirok etish imkoni berildi.

Tanlov yakunida ishtirokchilarga xushkayfiyat ulashish maqsadida harbiy orkestr jamoasi tomonidan konsert dasturlari nmoyish etildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati