Oʻzbekiston merganlari xalqaro musobaqada Germaniya, Qatar, Ozarbayjonni ortda qoldirib, ikkinchi oʻrinni egalladi

0
1424

Turkiyaning Egridir shahridagi “Komando” oʻquv markazi bazasida yetakchi davlatlarning harbiy xizmatchilari oʻrtasida “Eng ilgʻor merganlar jamoasi” nomli xalqaro musobaqa oʻtkazildi.

Unda Germaniya, Bahrayn, Qatar, Ozarbayjon kabi dunyoning 12 davlatidan jami 33 ta jamoa, Turkiyaning oʻzidan esa dengiz maxsus kuchlari, quruqlikdagi maxsus kuchlari, maxsus operatsiyalar kuchlari kabi alohida qoʻshin turlaridan jami 15 ta jamoa ishtirok etdi.

Kunduzgi va tungi mashgʻulotlarni oʻz ichiga olgan musobaqa bellashuvlari oʻn kun davomida oʻtkazildi. Ushbu xalqaro musobaqaning boshqa merganlik musobaqalaridan farqi shundaki, unda vertolyot va qayiqda ham harakat vaqtida otish mashqlari bajarildi.

Shuningdek, musobaqaning hech bir bosqichida lazerli masofa oʻlchagichlardan foydalanishga ruxsat berilmadi, merganlar 1000 metr va undan ortiq masofada boʻlgan nishonni optik moslamalar yordamida aniqlab, belgilangan vaqt orasida uni yakson qildilar.

Bundan tashqari, musobaqa ishtirokchilari tunggi vaqtda magnit azimuti boʻyicha togʻli hududda 6 soat davomida harakatlanib, noaniq masofadagi nishonni yakson etdilar.

Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi vakillari uchun musobaqa oʻtkazilgan hudud butkul notanish, nishonlar va mashqlar haqida toʻliq maʼlumotlar boʻlmasada, harbiy xizmatchilarimiz barcha shartlarni muvaffaqiyatli bajarib, 12 ta davlat jamoalari orasida faxrli ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritishdi. Birinchi oʻrin mezbon davlat vakillariga nasib etdi.

Oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilarning tayyorgarligi va mahorati turk hakamlari va merganlari tomonidan yuqori baholandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti