Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan keng koʻlamli vazifalar, xalqparvar davlatni barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada samarali taʼminlash kabi maqsadlar mamlakatimizdagi tub islohotlarga mos yangi konstitutsiyaviy-huquqiy makonni yaratish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Oʻtgan davr mobaynida jamiyatimizning siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy hayotida tub oʻzgarishlar boʻldi. Bu esa Bosh qomusimizda “Yangi Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyillarini mustahkamlash, turli islohotlar jarayonida inson manfaatlari bosh mezon boʻlishini taʼminlash, xususiy mulk daxlsizligi, yerga egalik qilish huquqi, fuqarolik jamiyati institutlarining oʻrnini konstitutsiyaviy darajaga koʻtarish, davlat hokimiyati asoslarini takomillashtirish dolzarbligini koʻrsatmoqda.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Ruspublikasi Mudofaa vazirligida “Konstitutsiyaviy islohot jamoatchilik muhokamasida” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Unda Senat raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarigi javob berdi. Tadbirda Mudofaa vazirligi markaziy apparati hamda videokonferensaloqa orqali ishtirok etgan harbiy okrug harbiy xizmatchilari tomonidan bosh qomusimizdagi oʻzgartirilayotgan ayrim moddalarga oʻz fikr va takliflari bildirib oʻtildi.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Konstitutsiyamizning 60 dan ortiq moddalariga 200 dan ortiq tuzatishlarni nazarda tutmoqda. Konstitutsiyaga oʻzgartishlar “inson-jamiyat-davlat” prinsipiga asoslangan boʻlib, milliy konstitutsiyaviy oʻzlikni aks ettiradi va amaldagi Konstitutsiyamizning barcha boʻlimlariga tub oʻzgartishlar kiritishni nazarda tutadi. Shuningdek, Konstitutsiyadagi tuzatishlar, avvalambor, jamiyatning turli ijtimoiy qatlamlariga mansub boʻlgan fuqarolarning shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy va ekologik huquqlari hamda manfaatlarini taʼminlashga, himoya qilishga qaratilgan toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan normalarga aylanadi.
– Umumxalq muhokamasi bugungi kunga kelib mamlakatimizda Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni qizgʻin pallaga kirganligini anglatmoqda. Harbiylar ham daxldorlik hissini anglagan holda oʻzlarning oʻrinli takliflari bilan oʻrtoqlashgani qonun loyihasida oʻz aksini topadi va yanada takomillashtiriladi, – dedi Sodiq Safoyev. – Bugungi kunda minglab fuqarolarimiz, nuroniy va yoshlarimiz, turli millat vakillari, oʻqituvchilar, tibbiyot xodimlari, tadbirkorlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, umuman jonajon Oʻzbekistonimiz taqdiriga befarq boʻlmagan yurtdoshlarimiz oʻz takliflarini yuborishda davom etmoqdalar. Chunki, har bir inson ushbu hujjatni meniki, mening Konstitutsiyam deyishi, unda oʻzini, oilasini, mahallasini, jamiyat va davlatni yillar davomida bezovta qilib kelgan muammolarini yechimini unda koʻrishi muhim. Yurt kelajagi va Vatanimiz taqdiri siz va bizning mazkur jarayondagi faol ishtirokimizga bogʻliq boʻlib, kelgusi taraqqiyotimiz uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Sherzod SHARIPOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti