Qo‘mondonlikda yoshlar kuni munosabati bilan tantanali tadbir tashkil qilindi

0
954

Mudofaa vazirligi tasarrufidagi Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, taniqli aktyor va san’at ustalari ishtirokida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida bayram tadbiri o‘tkazildi.

Tantanali tadbir avvalida qo‘shinlar qo‘mondoni polkovnik Jur’at Yakubov so‘zga chiqib,  ertamiz egalarini 30-iyun – Yoshlar kuni bayrami bilan samimiy tabrikladi.  

Shundan so‘ng namunali xizmatlari bilan safdoshlaridan ajralib turgan bir guruh harbiy xizmatchilarga navbatdagi unvonlarni topshirish, shuningdek, yoshlar oyligi davomida o‘tkazilgan tanlovlar g‘oliblarini taqdirlash va faol yoshlarni rag‘batlantirish marosimi o‘tkazildi. Taqdirlash marosimida 30 nafar harbiy xizmatchiga kichik serjant harbiy unvoni berilgan bo‘lsa, 100 nafarga yaqin faol yoshlar qimmatbaho sovg‘alar bilan rag‘batlantirildi.

Bundan tashqari “Yosh kitobxon oila” tanlovining respublika bosqichida faxrli ikkinchi o‘rinni egallagan leytenant Rustamjon G‘ofurov ellik million so‘m, ushbu musobaqaning sovrindori katta leytenant Bunyodjon Qarshiyev esa o‘n million so‘m pul mukofotlari, statuetka va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Kechaning badiiy qismi ham esda qolarli o‘tdi. “Navqiron” guruhi a’zolari va estradamiz yorqin yulduzlari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar tadbir ishtirokchilariga bayramona kayfiyat ulashdi.

Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy
 kommunikatsiyalar departamenti